Yangihayot tumanida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha kompleks choralar ko‘rilmoqda
Davlatimiz rahbarining 2025-yil 5-yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi joylarda izchil ta’minlanishiga e’tibor berilmoqda.
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamda xalq deputatlari Yangihayot tumani kengashining qo‘shma majlisi shu maqsadga qaratildi.
Majlisda tumanda huquqbuzarliklar profilaktikasi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, tuman hokimi, prokurori hamda ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi rahbarlarining axborotlari eshitildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbarining yuqorida qayd etilgan qarori ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu qarorlar doirasida 2026-yilning o‘tgan davrida tuman mahallalarida 18 “xavfsiz ko‘cha” va 13 “xavfsiz uy” barpo etilgani qayd etildi.
Shuningdek, bugungi kunda 206 ta maishiy va savdo ob’ektlari hamda 263 xonadon texnik jihatdan qo‘riqlovga olingani, bundan tashqari, ko‘p qavatli uylarning kirish eshiklariga 150 domofon, kirish yo‘laklariga 106 “tashvish tugmasi” o‘rnatilgani alohida ta’kidlandi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2026-yilning birinchi choragida oila-turmush nizolari oqibatida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmadi. Shuningdek, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni 8,8 foizga kamaydi.

Jinoyat turlari bo‘yicha ham ijobiy natijalar qayd etildi. Xususan, qotillik, o‘g‘rilik, transport vositasini olib qochish, og‘ir tan jarohati yetkazish kabi jinoyatlar hamda o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari soni kamaygan.
Ichki ishlar organlari tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar 34,9 foizga oshgani qayd etildi. Mahallalar kesimida tahlil qilinganda 30 mahallaning 7 tasida jinoyatlar kamaygan, 21 tasida esa umuman jinoyat sodir etilmagan.
Mazkur natijalar hududda jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikning oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ko‘rsatadi.
Muhokamalar yakunida tegishli qaror qabul qilinib, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.
N.Abduraimova, O‘zA