Shartnoma shartlarini bajarmagan MCHJning qarzdorligi undirildi
Majburiy ijro byurosining Chilonzor tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan ijro ishi doirasida Toshkent shahar Iqtisodiy sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor MCHJdan undiruvchi MCHJ foydasiga 478 million so‘m qarzdorlikni undirish belgilangan.
Ma’lumot uchun, mazkur nizo tomonlar o‘rtasida tuzilgan pudrat shartnomasi ijrosi bilan bog‘liq bo‘lib, unga ko‘ra qarzdor MCHJ undiruvchi MCHJga shartnomada kelishilgan qurilish materiallarini belgilangan tartibda va muddatlarda yetkazib berishi shart edi. Biroq qarzdor tomonidan ushbu majburiyatlar to‘liq bajarilmagan, ya’ni qurilish materiallari o‘z vaqtida va to‘liq yetkazib berilmagan.
Shu sababli undiruvchi MCHJ o‘z huquqlarini himoya qilish maqsadida sud organlariga murojaat qilgan. Ishni ko‘rib chiqqan Toshkent shahar Iqtisodiy sudi tomonlar o‘rtasidagi shartnoma shartlari buzilganini inobatga olib, qarzdordan 478 million so‘m mablag‘ni undirish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.
Ijro hujjati asosida davlat ijrochilari tomonidan qarzdorga qaror talablarini ixtiyoriy ravishda bajarish uchun 15 kunlik muddat berilgan bo‘lsa-da, mazkur muddatda qarzdorlik bartaraf etilmagan.
Shundan so‘ng, qonunchilikda belgilangan tartibda qarzdorga nisbatan majburiy ijro choralari qo‘llanilib, uning mol-mulki va hisobraqamlariga taqiqlar qo‘yilgan.
Amalga oshirilgan ijro harakatlari natijasida jami 478 million so‘m mablag‘ to‘liq undirilib, undiruvchi MCHJning hisobraqamiga o‘tkazib berildi.
Ushbu holat pudrat shartnomasi shartlarini to‘liq va o‘z vaqtida bajarish muhim ekanini, aks holda sud va majburiy ijro tartiblari qo‘llanilishini yana bir bor tasdiqladi.
Hamroz Bayonov, O‘zA