“Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” boshlanmoqda
Mamlakatimizda talaba-yoshlar orasida ommaviy sport musobaqalarini tizimli tarzda tashkil etish, mahoratli yoshlarni aniqlash borasidagi sa’y-harakatlar keyingi yillarda yangi bosqichga ko‘tarildi.
Xususan, joriy yildan talabalar o‘rtasida o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalari mazkur yo‘nalishda o‘ziga xos voqelik bo‘ldi.
Xususan, joriy yil may oyida mazkur sport o‘yinlarining hududiy bosqichlariga start berilishi yoshlar o‘rtasida ommaviy sport qamrovi yanada kengayishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.

Kuni kecha joriy yilning 1–15-may kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Yangi O‘zbekiston talabalari olimpiadasi” sport musobaqalarining Toshkent shahar bosqichini yuqori saviyada tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda shu haqda so‘z bordi.
Yig‘ilishda musobaqa dasturidan o‘rin olgan sport turlari bo‘yicha tashkiliy ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish, sport inshootlarining tayyorgarlik holatini o‘rganish hamda musobaqalarni o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, talabalarni ERP.SPORT.UZ platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish, jamoalarni guruhlarga ajratish, hududiy bosqich o‘yinlarini tashkil etish, hakamlik, texnik ta’minot hamda tashkiliy ishlarni belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalar yakunida mas’ullarga musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi
T.Ro‘ziyev,
O‘zA