“Paxtakor” azaliy raqibini qabul qiladi
O‘zbekiston Superligasining 10-turi doirasida “Andijon” — “Dinamo”, “So‘g‘diyona” — “Surxon” va “Paxtakor” va “Nasaf” jamoalari raqobatlashadi.
Mazkur uchrashuvlar orasida "Paxtakor" va "Nasaf" klublari bahsi markaziy o‘yin, deya e’tirof etilmoqda. Bu ikki jamoalarning uchrashuvlar tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, chempionatlarda jami 58-marta o‘zaro bahs olib borgan. Ularning 31 tasida "Paxtakor" zafar quchgan bo‘lsa, 15 bellashuvda durang natija qayd etilgan. Qarshiliklar esa 12 o‘yinda g‘alaba qozongan. Ushbu bahslarda poytaxt klubi raqib darvozasini 82 bor ishg‘ol etib, 51 ta gol o‘tkazib yuborgan.

"Paxtakor" stadionida soat 20:00da boshlanadigan o‘yin oldidan mezbonlar 24 ochko bilan liga peshqadami bo‘lib turibdi, “Nasaf” esa 12 ochko jamg‘argan holda 8-o‘rindan joy olgan.
Kecha OKMK o‘z maydonida “Lokomotiv” ustidan 2:1 hisobida zafar quchdi. "Mash’al" esa "Buxoro"ni qabul qilib 0:1 hisobida yengildi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA