Yangi liniya ishga tushirildi
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi “Uz Germed pharm” O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasida turli dorilar ampulasini ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirildi.
Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi “Uz Germed pharm” O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasida turli dorilar ampulasini ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirildi.
Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi biznes markazida tashkil etilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida aholi salomatligini muhofaza qilish, shifobaxsh o‘simliklardan dori vositalari ishlab chiqarishni yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
– Yangi liniyaning ishga tushirilishi bilan 60 dan ziyod kishining bandligi ta’minlandi, – deydi “Uz Germed pharm” korxonasi ijrochi direktori, germaniyalik Florian Tide. – Soatiga 40 ming dona ampula tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.
O‘tgan yillar davomida “Uz Germed pharm”da mahsulot ishlab chiqarish sifati va samaradorligini oshirish yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2009-yil 12-martda qabul qilingan “2009-2014-yillarda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnikaviy va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha eng muhim loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari Dasturi to‘g‘risida”gi qarori bunda muhim dasturilamal bo‘layotir.
Ayni paytda bu yerda inson immunitetini oshirishga qaratilgan va ko‘p uchraydigan kasalliklarga qarshi o‘n sakkiz turdagi dori vositalari ishlab chiqarilmoqda.