Yangi ishlanma va texnologiyalar soha rivojiga xizmat qiladi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Fanlar akademiyasi boshqarma boshlig‘i Feruza Karimova ilmiy tashkilotlarning yangi ishlanma va texnologiyalarni yaratish hamda joriy etish bo‘yicha amalga oshirgan ishlari haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish maqsadida genomika va bioinformatika markazining maxsus urug‘chilik xo‘jaligida MAS texnologiyasi asosida yaratilgan tola sifati yuqori, serhosil va ertapishar “Ravnaq-1” g‘o‘za navining 1 tonna original urug‘ligi, “Porloq-5” g‘o‘za navining 1,5 tonna original urug‘ligi, “Genofond-2” g‘o‘za navining 19 tonna urug‘ligi tayyorlangan.
Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutida yaratilgan g‘o‘zaning “Afsona” “Niso”, “Marvarid”, “Yuksalish”, “Zamin” navlari joriy etilib, Toshkent, Samarqand, Sirdaryo, Surxondaryo viloyatlarida ekish maydonlari kengaytirilgan.
Lalmi yerlar uchun “Kayroqtosh” va bahorgi “E’zoz” navining elita urug‘larini yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. 2022 yilda jami 45 tonna urug‘lik yetishtirildi. Soyaning yangi “Ehtiyoj” va “Xotira” navlari hamda anor va uzumning mahalliy navlaridan “in vitro” usulida ko‘chatlari ko‘paytirilib, Navoiy, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida joriy etildi.
Shuningdek, tibbiyot yo‘nalishidagi ishlab chiqarish chiqindilaridan tibbiyot uchun Magniy sulfat ishlab chiqarish texnologiyasi yaratildi va ro‘yxatdan o‘tkazildi. Konstruktorlik byurosi va tajribaviy ishlab chiqarish ilmiy texnik markazi "Urofloumetr UFM-01" tibbiy uskunasini ishlab chiqardi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA