Yoshlar donorlik harakatiga qo‘shildi
Samarqand viloyat qon quyish markazida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasining “Bor mehrimiz senga, bolajon!” loyihasi doirasida “Men donorman” shiori ostida beg‘araz donorlik aksiyasi o‘tkazildi.
Partiya viloyat kengashi tomonidan tashkil etilgan tadbirda partiya faollari, yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi xodimlari, Samarqand davlat tibbiyot universiteti talabalari hamda ko‘ngilli yoshlar qatnashdi.

– Mazkur xayriya tadbiridan ko‘zlangan asosiy maqsad tibbiyot muassasalarida davolanayotgan bemorlar, og‘ir operatsiyalarni boshdan kechirayotgan fuqarolar hamda qon kasalliklariga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat, – deydi “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Samarqand viloyati kengashi raisi Himmat Oqbo‘tayev. – Qolaversa, bu orqali aholining, ayniqsa, yoshlarning donorlik madaniyatini yuksaltirish, insonparvarlik va saxovat tamoyillarini keng targ‘ib qilish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunga qadar viloyatimizda mazkur aksiya doirasida 400 nafarga yaqin ko‘ngilli donorlar qon topshirib, yuzlab insonlarning hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shdi.

Tadbir davomida yoshlar qon topshirish bilan birga donorlikning inson salomatligi uchun foydali xususiyatlari, turli yuqumli kasalliklarning oldini olishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlar haqida mutaxassislardan ma’lumotlar oldi.
Tashkilotchilar donorlik aksiyalarini kelgusida ham faol davom ettirishlarini qayd etib, yoshlar va keng jamoatchilikni ushbu ezgu tashabbusga qo‘shilishga da’vat qildi.

G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri