Yangi bunyodkorlik hududlarga fayz bermoqda (+video)
Ayni “Navro‘z” bayrami tantanalari nishonlanayotgan shukuhli kunlarda Toshkent viloyatining barcha hududlari qatorida O‘rta Chirchiq tumanida ham ko‘plab ijtimoiy soha ob’ektlari foydalanishga topshirildi.
Ochilish tadbirlarida Prezident Administratsiyasi vakillari, respublika va viloyat ishchi guruhlari, tuman hokimi Ixtiyor Kasimov, nuroniylar, faollar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.


Xususan, Fayzobod mahallasidagi 33-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti qayta rekonstruksiya qilindi. Mazkur loyiha qiymati 2 milliard 800 million so‘m bo‘lib, belgilangan tartibda demontaj ishlari amalga oshirildi. Hozirgi kunda bog‘chaga Fayzobod mahallasidan tashqari Qorasuv, Tinchlik va Rovatak mahallalaridan jam 180 nafar bola qatnaydi.
– Bog‘chamizda yaratilgan qulayliklardan juda xursandmiz. Ayniqsa, tarbiyalanayotgan bolalarimizning ota-onalari mas’ullarga o‘z minnatdorligini bildirdi. Ilgarilari binolarimizda ko‘plab noqulayliklar bor edi. Hozir barcha xonalarimiz zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Endilikda bulardan to‘g‘ri foydalangan holda bolalarni sog‘lom va barkamol qilib ulg‘ayishiga o‘z hissamizni qo‘shamiz, – deydi 33-sonli DMTT direktori Mo‘’tabar Ernazarova.
Bundan tashqari, hozirgacha o‘z binosiga ega bo‘lmagan “Uyg‘ur” mahalla fuqarolar yig‘iniga davlat xususiy sherikchiligi asosida yangi bino qurib berilib, foydalanishga topshirildi. “Mahalla yettiligi”ga alohida xonalar va majlislar zaliga ega bo‘lgan bino mahalla aholisiga kompleks xizmat ko‘rsatadi.
Mahalla raisi Vohid Ramazonovning aytishicha, avvallari mas’ul xodimlar hududdagi maktab binosida ajratilgan xonada faoliyat olib borgan. Bu o‘z navbatida aholi bilan ishlashda noqulayliklarga sabab bo‘lgan. Hozir hududning asosiy drayveri issiqxonachilik va tomorqa mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan. Bu mahallada 1 ming 113 ta xonadon bor, 3 ming 632 nafar aholi yashaydi. Bugungi kunda “Mahalla yettiligi” vakillari ular bilan tizimli ish olib bormoqda.
Ma’lumki, avvalgi O‘rta Chirchiq tumani Nuroniylar maskani binosi tumandan Nurafshon shahri ajrab chiqishi natijasida nuroniy va oqsoqollarning binosi yo‘q edi. Shu sababli bu yo‘nalishda tumandagi keksalar bilan tizimli ishlash, ularning hayotiy tajribalaridan samarali foydalanishda qiyinchiliklar bo‘lib turgan. Tuman hokimining tashabbusi bilan davlat xususiy sherikchiligi asosida Uyg‘ur mahallasi hududida faxriylariga kompleks xizmat ko‘rsatuvchi Nuroniylar maskani yangidan qurib, foydalanishga topshirildi.
Shuningdek, yoshlar bandligini ta’minlash, ularni yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolishini oldini olish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida futbol maydoni ham ochildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/rV6BqAj13OQ" title="Yangi bunyodkorlik hududlarga fayz bermoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev (surat, video), O‘zA.