Yangi baholash tizimi ommalashadi
Prezident ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribalarini umumta’lim maktablariga joriy qilish maqsadida 2023-2024 o‘quv yilidan Buxoro viloyatidagi 28 ta umumta’lim maktabida yangi baholash tizimi tajriba-sinovdan o‘tkazildi. Jarayonlarga 5-11-sinf o‘quvchilari jalb etilib, Prezident va ixtisoslashgan maktablar “tayanch maktab” sifatida biriktirildi.
Aytish joizki, mazkur baholash tizimining amaldagi tizimdan farqi — baholash jarayonlarida inson omilining minimallashtirilganida bo‘lib, u o‘quvchining bilimini ob’ektiv baholash hamda to‘g‘ri yo‘naltirishga zamin yaratadi.
– Bir yil mobaynida olib borilgan jarayonlar natijasida o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi sezilarli darajada oshdi, – dedi viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i F.Qurbonov. –Tajriba-sinov jarayonlari mobaynida nafaqat o‘quvchilar va o‘qituvchilarda, balki ota-onalarda ham mas’ullik hissi keskin oshgani kuzatildi. Bu maktab va oilaning bir maqsad yo‘lida birlashishiga ham xizmat qilmoqda.
2024-2025 o‘quv yilida yana 126 ta maktabda yangi baholash tizimi joriy etish va bunday maktablar sonini 154 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri