Yana bir imkoniyat eshigi ochildi (+video)
Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida yana bir zamonaviy sport inshooti – padel maydonchasi qad rostladi. Mamlakatimizda ommaviy sportni keng yoyish, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish va zamonaviy sport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan izchil islohotlar doirasida barpo etilgan mazkur inshoot hudud aholisi, ayniqsa yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Ushbu maydoncha sport vaziri Adham Ikromov va Milliy olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov boshchiligidagi respublika ishchi guruhining tumanga xizmat safari chog‘ida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida Milliy olimpiya qo‘mitasi mablag‘lari hisobidan barpo etildi.
Bugun mamlakatimizda sport nafaqat musobaqalar maydoni, balki sog‘lom jamiyatni shakllantirishning muhim omili sifatida qaralmoqda. Bu borada davlatimiz rahbarining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonida ham jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilar qamrovini kengaytirish, sport infratuzilmasini yanada takomillashtirish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Zarbdordagi yangi inshoot ana shu ezgu maqsadlar ro‘yobi yo‘lidagi amaliy qadamlardan biri bo‘ldi.
Viloyatda ilk bor tashkil etilgan mazkur sport majmuasining ochilish marosimida tuman hokimligi, sport boshqarmasi mas’ullari, faxriylar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
[gallery-29881]
Ta’kidlash joiz, padel dunyoda jadal ommalashayotgan zamonaviy sport turlaridan biri hisoblanadi. U tennis va skvosh (devorli tennis) elementlarini o‘zida mujassam etgan bo‘lib, maxsus raketkalar yordamida devorlar bilan o‘ralgan maydonda o‘ynaladi. Shu bois “padel tennis maydonchasi” deganda aynan ushbu sport turi uchun xalqaro talablar asosida qurilgan maxsus maydon tushuniladi. Qiziqarli va dinamik o‘yin xususiyati tufayli padel yoshlar hamda kattalar o‘rtasida tobora ommalashib bormoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yangi maydoncha aholi, ayniqsa yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, iqtidorli sportchilarni kashf etish va sport ommaviyligini yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Marosim davomida mehmonlar maydonda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan tanishdi. Mutaxassislar inshootning texnik imkoniyatlari va jihozlanishi xalqaro talablarga javob berishini qayd etishdi.
<iframe width="830" height="467" src="https://www.youtube.com/embed/Ht7xNDk4Zo4" title="Yana bir imkoniyat eshigi ochildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A. Qayumov, J. Yorbekov (video, surat), O‘zA muxbirlari