Farg‘onada belbog‘li kurash bo‘yicha jahon chempionati
Tarixi uch ming yilga borib taqaladigan milliy belbog‘li kurash bugun xalqaro sport turi sifatida tan olindi va qit’a, jahon chempionatlari o‘tkazilmoqda.
Shu kunlarda Farg‘ona shahriga dunyoning 30 dan ziyod mamlakatlaridan shu sport turi ustalari bo‘lgan o‘smir va qizlar, erkak va ayollar yig‘ildi. Ular bugundan boshlab o‘zaro kuch sinashmoqda. G‘oliblik shohsupasi esa juda baland: o‘smir va qizlar uchun ilk bor jahon chempionati tashkil etilgan bo‘lsa, erkak va ayollar Osiyo chempionligi uchun bahsga tushadi.
<a href="https://youtu.be/4grmzeWbA98?si=HqPumYBVl_UwwDaq">https://youtu.be/4grmzeWbA98?si=HqPumYBVl_UwwDaq</a>
– Belbog‘li kurash Hindistonda tez ommalashdi, – deydi Hindiston belbog‘li kurash federatsiyasi prezidenti Adin Singx. – Musobaqaning nufuzi ancha baland. Biz bu yerga 15 nafar mamlakat chempionini olib kelganmiz. Bugungi kungi musobaqa natijalaridan qanoatlandik. Yarim final va finalga yetib borgan kurashchilarimiz bor.
– Tojikistonlik polvonlar orasida eng ommalashgan sport turi – belbog‘li kurash, – deydi Tojikiston Respublikasi belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Shavkat Zaripov. – Jahon va Osiyo chempionatiga Farg‘onada juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rilibdi. Musobaqalar zamonaviy zalda, axborot texnologiyalari qo‘llangan hakamlik bilan o‘tmoqda. Hozircha bizning tog‘lik polvonlarning ham qo‘li baland kelmoqda.
Shu bugun musobaqa ishtirokchilari va muxlislar o‘smirlar va qizlar o‘rtasida Belbog‘li kurash bo‘yicha jahon chempionati va erkaklar hamda ayollar o‘rtasida Osiyo chempionatining tantanali ochilish marosimida qatnashdilar.
– Men Eron milliy terma jamoasi ishtiroki haqida aytmoqchiman, – deydi bosh murabbiy Muhammad Farshod Chotkam. – Belbog‘li kurash bizning xalq tabiatiga mos tushdi. Shuning uchun u tez ommalashdi. Biz Eronda o‘z milliy chempionatimizni o‘tkazib kelmoqdamiz. O‘zbekiston hukumatidan minnatdormiz. Bizning sportchilar jamoasini qo‘llab - quvvatladi. Farg‘onada o‘tayotgan chempionatda kamida 4-5 ta yuqori darajali medal olishdan umidvormiz.
[gallery-29894]
– Rossiya, Armaniston, Qirg‘iziston va Mongoliya kurashchilari yuqori natijalarga erishdi, – deydi musobaqa bosh hakami Meronshox Ro‘ziyev. – O‘zbekiston terma jamoasidan 16 nafar o‘smir va qizlar yarim final va finalda kurashni davom ettirishyapti.
Bugun ayrim vaznlarda g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Ularga uch toifadagi medallar tantanali suratda topshiriladi.
Muhammadjon Obidov,
Elyor Olimov(video,surat), O‘zA