“Yakkabog‘-G‘uzor” magistral ichimlik suvi tarmog‘i ta’mirlanmoqda
Keyingi yillarda aholining ichimlik suviga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, shahar va tuman markazlariga ichimlik suvining yetib borishiga xizmat qiluvchi magistral quvurlar o‘tgan asrning 80 yillarida qurilgan bo‘lib, bugungi kunga kelib ularning ko‘plab qismlari ta’mirtalab holatga kelib qolgan.
Qashqadaryoda ham bu borada muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Yakkabog‘-G‘uzor” magistral ichimlik suvi tarmog‘ining G‘uzor-Qamashi tumanlari chegarasidan o‘tuvchi qismi yangilanmoqda.

1980 yillarda yotqizilgan 800 mm diametrli ushbu tarmoqning ma’nan eskirishi evaziga quvurlarning yorilishi, toza ichimlik suvining isrof bo‘lishi soha xodimlariga turli muammolarni tug‘dirib kelardi.
Bundan tashqari, suv ta’minotidagi uzilishlar G‘uzor tumanida yashovchi aholining turli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan edi.

Ayni paytda Qashqadaryo viloyati hokimligi va “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan tarmoqning 210 metr uzunlikdagi qismi yangi metall quvurlarga almashtirilmoqda. Natijada G‘uzor tumanidagi aksariyat hududlarda yoz mavsumida suv ta’minoti yanada yaxshilanadi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur magistral quvurning umumiy uzunligi 62,5 kilometr bo‘lib, G‘uzor tumanidagi 220 ming nafar aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashga xizmat qiladi. 2023-2024 yillar davomida dastur asosida ushbu quvurning 8 kilometr qismi yangilangan.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri