Eski ustunlar almashadi, transformatorlar yangilanadi
Sirdaryo viloyatining qator hududlarida elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida eski yog‘och elektr ustunlarini zamonaviy temir-beton ustunlarga almashtirish hamda 13 ta transformator punktini to‘liq yangilash ishlari boshlanadi. Bu haqda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov raisligida o‘tkazilgan tanqidiy-tahliliy yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, ayrim mas’ul tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan hisobotlarda qurilish-ta’mirlash ishlari belgilangan reja asosida olib borilayotgani qayd etilgan. Biroq viloyat hokimining topshirig‘i bilan tuzilgan ishchi guruhning joylarda o‘tkazgan o‘rganishlari hisobotlardagi ma’lumotlar bilan haqiqiy holat o‘rtasida jiddiy tafovut mavjudligini ko‘rsatgan.
O‘rganishlar davomida ayrim hududlarda xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan yog‘och elektr ustunlari hanuzgacha foydalanilayotgani, quvvati yetarli bo‘lmagan transformatorlar esa elektr energiyasida uzilishlar va kuchlanish pasayishiga sabab bo‘layotgani aniqlangan.
Shundan kelib chiqib, Mirzaobod tumanining «Oqoltin», Sardoba tumanining «Xalqobod» mahallasidagi namunali uylar hududi, Sayxunobod tumanining «Paxtaobod» mahallasi hamda Sirdaryo tumanining ayrim hududlarida eski yog‘och ustunlarni temir-beton ustunlarga almashtirish ishlarini boshlash topshirildi.

Shuningdek, hududlardagi 13 ta transformator punktini to‘liq yangilash, elektr tarmoqlarining texnik holatini yaxshilash va aholini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.
Yig‘ilishda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Sirdaryo viloyati филиалига mavjud muammolarni bartaraf etish uchun bir oy muddat berildi. Belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi qat’iy nazoratga olinishi ta’kidlandi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, rejalashtirilgan ishlar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilsa, mazkur mahallalarda elektr ta’minoti barqarorligi ta’minlanadi. Natijada aholini yillar davomida qiynab kelayotgan chiroq o‘chishlari va kuchlanishning pasayishi bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilib, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi yanada takomillashadi, kommunal xizmatlar sifati esa sezilarli darajada yaxshilanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri