Xitoylik investorlar janubga sarmoya kiritishda davom etmoqda
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov Xitoyning "Wanlin Group Limited" kompaniyasi rahbari Li Yantao boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan munosabatlar doirasida yangi bosqichda rivojlanayotgani qayd etildi. Keyingi yillarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalar ko‘lami kengayib borayotgani ta’kidlandi.
Muloqot chog‘ida vohada zamonaviy akvapark qurish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish, shuningdek, oqova suvlarni tozalash, qayta ishlash hamda takroriy foydalanishga qaratilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama etildi.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda mazkur yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va aniq investitsiya tashabbuslarini ishlab chiqishga kelishildi.

Xitoylik sarmoyadorlar so‘nggi yillarda janubdagi viloyatga investitsiya kiritishga katta qiziqish bildirmoqda. Jumladan, yaqinda Termiz tumanida xitoylik sarmoyadorlarning 250 million dollarlik investitsiya loyihasiga ham tamal toshi qo‘yildi. Ushbu loyiha 30 ming gektar maydonda paxta yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishga mo‘ljallangan zamonaviy agrosanoat majmuasini barpo etib, uni Markaziy Osiyodagi eng yirik ishlab chiqarish bazalaridan biriga aylantirishni ko‘zda tutadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri