Xalqlar do‘stligi ramziga ehtirom (+video)
Hazrat Navoiy va Fuzuliy, Ayniy va Maxtumquli, Chingiz Aytmatov va Muxtor Avezovlar bir makonda yashayotgan qondosh-qardosh xalqlarning birdamligini orzu qilib va kuylab o‘tdilar.
Nihoyat, 2025-yil 31-mart kuni mintaqa markazlaridan biri – Xo‘jandda tarixiy voqea ro‘y berdi. Asrlar osha ham kelajak avlod “Xo‘jand deklaratsiyasi” deb e’zozlaydigan hujjat imzolandi. Bu abadiy do‘stlik, strategik munosabatlarni tasdiqlovchi shahodat edi.

Uch davlat: O‘zbekiston – Tojikiston – Qirg‘izistonning ahdi- paymoni, qabul qilgan qarori asosida chegaralar tutashgan nuqtada “Do‘stlik stelasi” bunyod etildi va ochildi.
Farg‘onada o‘z ishini boshlagan “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon do‘stlik forumi” qatnashchilari “Do‘stlik stelasi” poyiga keldilar va qardosh xalqlar nomidan ehtirom gulchambarini qo‘ydilar.

— Qarang, bu yoq Qirg‘iziston, bu tomonda Tojikiston, biz O‘zbekistondamiz. Azaldan barchamiz bir ariqdan suv ichganmiz. Qiz olib qiz berganmiz. Prezidentlarimiz tarixiy birlikni tikladilar, — deydi Qirg‘iziston delegatsiyasi a’zosi Xairbek Eshmurzayev.
Shundan so‘ng “Do‘stlik stelasi” atrofida yangragan qardosh millatlarning dilbar kuy-qo‘shiqlari sadosida bayram tadbiri tantanali ravishda davom etdi. Sahna uzra yangragan har bir ohang turli xalqlarning boy madaniy merosi, o‘ziga xos an’ana va qadriyatlarini o‘zida mujassam etib, yig‘ilganlarga unutilmas taassurot ulashdi.

— Ishonamanki, bizning ajdodlarimiz bu yerga kelib xalqlar do‘stligining qudratini his qiladilar. Yashasin, abadiy do‘stligimiz, — deydi tojikistonlik Hakimjon Zokirov.
— Ushbu yodgorlik yaqin qo‘shnichilik, ishonch ramzi bo‘lib, mintaqada katta ahamiyatga ega, —deydi Ozarbayjondan kelgan diplomat Shaxida Maxliyeva. – Ozarbayjon Markaziy Osiyo davlatlarining yaqin do‘sti va ishonchli hamkori. U bu jarayonni qo‘llab quvvatlaydi.

“Do‘stlik stelasi” O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va hamjihatlik timsoliga aylandi. Uning aynan O‘zbekiston tumanida bunyod etilgani bejiz emas. Ushbu hudud Qirg‘izistonning Botken tumani hamda Tojikistonning Isfara tumani bilan chegaradosh bo‘lib, qadimdan turli millat vakillarining o‘zaro yaqin aloqalari, qo‘shnichilik rishtalari va madaniy hamkorligi shakllangan maskan sifatida ham ahamiyatlidir.
—Davlatlarning do‘stligi mustahkam ekanini ko‘rib dunyolarga sig‘may ketyapmiz, — deydi yana bir qirg‘izistonlik faol Selima Artikbayeva. – Qirg‘iz elidan katta salomlarimizni olib keldik. “Do‘stlik stelasi” uch davlat quyoshi bir joydan ko‘tariladigan maskanga aylanibdi. G‘oya muallifi bo‘lgan Prezidentlarimizga cheksiz minnatdorchilik bildiraman.

“Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon do‘stlik forumi” doirasida tadbirlar mintaqa xalqlarini yanada yaqinlashtirish, o‘zaro anglashuvni mustahkamlash hamda umumiy taraqqiyot yo‘lida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi bilan muhim ahamiyat kasb etadi.
— 31-mart kunigacha davom etadigan forum doirasida o‘quv seminarlari, millatlar madaniyati, urf-odatlarini aks ettiruvchi ko‘rgazmalar, xalqaro konferensiyalar bo‘lib o‘tadi. Mazkur forum yurtimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va hamjihatlik, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi do‘stlik, tinchlik siyosatining yorqin ifodasini namoyon etadi, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari Ozodbek Quvondiqov.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/HYsjivKRBZg" title="Халқлар дўстлиги рамзига эҳтиром" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Do‘stlik forumi ertaga o‘z ishini davom ettiradi.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA