Qo‘g‘irchoq teatrining bolajonlarga tuhfasi
Namangan viloyati qo‘g‘irchoq teatri ijodkorlari tomonidan bolajonlarning bahorgi ta’til kunlarida bir qator spektakllar taqdim etildi. Dastavval, rejissyor Otajon Tursunaliyev tomonidan rus dramaturgi Vladimir Orlovning “Oltin jo‘ja” ertak-pesasi asosida sahnalashtirilgan spektakl namoyish qilindi. E’tiborlisi, bu teatrda o‘z faoliyatini boshlagan iqtidorli mutaxassis Otajon Tursunaliyevning birinchi jiddiy ishidir.
Yangi spektaklning taqdimot marosimida Respublika Madaniyat vazirligi huzuridagi davlat teatrlari va teatr studiyalari faoliyati bo‘yicha ixtisoslashgan badiiy-ekspert guruhi a’zolari tomonidan ijobiy baholangandi.

Spektakl insonlar o‘rtasida tobora kamayib borayotgan samimiyat va mehrni ulug‘lash kerakligini ilgari suradi. Bu tuyg‘ular insonlar xulqini o‘zgartira olishi, bolalarni kechirimli, rahmdil va mehribon bo‘lishga undaydi.
Shuningdek, teatr jamoasida yosh ijodkor iste’dodli aktyor Bunyodsher Abdug‘apporovning “O‘rmon qirolligi” zamonaviy ertak-pesasini sahnaga olib chiqdi. Bu rejissyorlik mutaxassisligi bo‘yicha oliygohni tugatgan ijodkorning ilk ijodiy mahsuli ekanligini aytish joiz.

Madaniyat vazirligi huzuridagi davlat teatrlari va teatr studiyalari faoliyati bo‘yicha ixtisoslashgan badiiy-ekspert guruhi a’zolari e’tirofini qozongan ushbu yangi spektakl ham qo‘g‘irchoq teatri shaydolarining gulduros qarsaklari bilan qarshi olindi.
Spektaklda keltirilgan voqealar o‘rmon maktabida kechadi. Bu yerda sher hukmron bo‘lib, o‘z o‘rnida o‘qituvchi-ustoz vazifasini ham bajaradi. U tomoshabinlar bilan bevosita muloqot orqali hayvonlarni turli fanlar bo‘yicha imtihon qilib boradi. Mazkur uslub jajji tomoshabinlarni sahna jarayonining faol ishtirokchisiga aylantiradi. Ijobiy baho olganlar hurmat topadi, qoloqlar esa...

Asarning g‘oyasi har bir mavjudot o‘z tabiatiga, o‘zligiga sodiq qolganidagina hayot uyg‘un va go‘zal bo‘lishi haqidagi fikrni bolalar ongiga sodda, quvnoq va esda qoladigan shaklda singdirish. Asosiy maqsad esa, bolajonlarda adolat, samimiyat, mas’uliyat, o‘zaro hurmat va tanqidiy fikrlash tuyg‘ularini shakllantirishga qaratilgan.
Sherning o‘z xatosini anglab yetishi, tulkining aql-zakovati, quyonning jur’at topib haqiqatni aytishi bo‘ri, ayiq va qolgan hayvonlarning ham o‘ziga xos haqiqatlari orqali bolalar hayotiy saboq oladilar. Demak, “O‘rmon qirolligi” – bu oddiy ertak emas, balki kichkintoylar uchun kichik hayot maktabi bo‘lib, unda har bir obraz o‘z darsi, har bir sahna o‘z xulosasiga ega.

Ta’kidlash joizki, har ikki spektaklni ixlosmandlarga manzur kelishida Zayniddin Qirg‘izov, Umida Murodillayeva, Shohjahon Toshpo‘latov, Muhammadali Rejabboyev, Islomjon Muhammadaliyev, Omadbek Islomjonov, Qahramon Davlatov kabi aktyorlarning ijrosi muhim o‘rin tutdi.
Spektakllarning ijodiy guruhi a’zolari Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Namangan viloyati bo‘limi hamda Ozoda Usmonova boshchiligidagi teatr ma’muriyati tomonidan munosib ravishda taqdirlandi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.