Voleybol: “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqasi boshlandi
Bugun, 1-iyul kuni poytaxtimizdagi “JAR” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida voleybol bo‘yicha erkaklar jamoalari o‘rtasida “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqasining respublika bosqichi boshlandi.
“Prezident Olimpiadasi” tizimidagi mazkur musobaqa oldidan o‘tkazilgan qur’a tashlash marosimi va mandat komissiyasi yig‘ilishida ishtirok etgan O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi o‘rinbosari Jamshid Fayziyev va federatsiya bosh kotibi Farhod Alimov musobaqaning tashkiliy masalalari, o‘yinlar tartibi va nizom talablari yuzasidan ishtirokchilarga zarur tushuntirishlar berib o‘tdi.
Musobaqa nizomiga muvofiq, 14 ta jamoa ishtirok etayotgan bahslarda jamoalar 4 ta guruhga bo‘lingan holda kuch sinashadi.

Guruh bosqichida har bir jamoa pley-off yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.
Bugun o‘tkaziladigan ilk davra o‘yinlarida qur’a natijalariga ko‘ra Toshkent shahri va Andijon jamoalari uchun dam olish kuni sifatida belgilangan. Qolgan 12 ta jamoa o‘zaro raqobatlashadi.
Xususan, kun davomida Toshkent viloyati - Xorazm, Navoiy - Farg‘ona, Buxoro - Namangan, Qashqadaryo - Jizzax, Sirdaryo - Surxondaryo, Qoraqalpog‘iston Respublikasi - Samarqand jamoalari kuch sinashadi.
O‘yinlar 6-iyulga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA