“Gimnastikaga ilk qadam” musobaqasi g‘oliblari aniqlandi
Navoiy shahridagi 1-son sport maktabida “Gimnastikaga ilk qadam” musobaqasining viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.
Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama sog‘lom, barkamol va intellektual salohiyatli etib tarbiyalash muhim vazifalardan biriga aylangan. Bugungi kunda maktabgacha ta’lim muassasalarida jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish, sport to‘garaklari faoliyatini kengaytirish va bolalarning qobiliyatini erta aniqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Gimnastikaga ilk qadam” kabi musobaqalar ana shu islohotlarning amaliy natijasi sifatida yosh iste’dodlarni kashf etish, ularni katta sportga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Musobaqada viloyatning turli hududlaridan kelgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari gimnastika bo‘yicha egallagan ko‘nikmalari, epchilligi, chaqqonligi va jismoniy tayyorgarligini namoyish etdi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, qizlar o‘rtasida Navbahor tumani 2-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Elnura Quvondiqova birinchi, Karmana tumanidagi “Karmana Baby Sad” davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Mushtariy Kamoliddinova ikkinchi, Navoiy shahri 25-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Shahnoza Jamoliddinova esa uchinchi o‘rinni egalladi.

O‘g‘il bolalar o‘rtasida esa Karmana tumanidagi “Karmana Baby Sad” davlat-xususiy sherikchiligi asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Mustafo Alisherov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Zarafshon shahri 20-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Biloljon Bozorqulovga, uchinchi o‘rin esa Nurota tumani 3-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Shohruz Farhodovga nasib etdi.

Musobaqa g‘olib va sovrindorlari Navoiy viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining diplomlari hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri