Veterinariya nazorati takomillashtiriladi, iste’molchilar huquqlari himoyasi kuchaytiriladi
Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida veterinariya sohasida davlat nazoratini takomillashtirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish va iste’molchilar huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonunlar dastlabki tarzda muhokama qilindi.
Xususan, “Davlat veterinariya nazorati takomillashtirilishi munosabati bilan “Veterinariya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun davlat veterinariya nazorati tizimini yanada takomillashtirish, milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining Sanitariya va fitosanitariya choralari to‘g‘risidagi bitimi hamda Jahon hayvonlar sog‘lig‘i tashkilotining xalqaro kodekslari talablariga uyg‘unlashtirishga qaratilgan.
Qonunda veterinariya tadbirlarini amalga oshirishda hayvonlar kasalliklarining oldini olish ustuvorligi, profilaktika choralarining davolash choralariga nisbatan ustuvor qo‘llanilishi hamda veterinariya nazoratidagi tovarlar xavfsizligini ta’minlashga oid normalar mustahkamlanmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun bilan esa suvlarning davlat hisobini yuritish, suv xo‘jaligi ob’ektlari va gidrotexnika inshootlaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun huquqbuzarlikni sodir etgan bevosita mas’ul shaxslarga nisbatan javobgarlik qo‘llash nazarda tutilmoqda.
Oqova suvlarni chiqarish tarmoqlaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun sanksiyalarni oshirish hamda takroran sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun kuchaytirilgan javobgarlik choralarini belgilash taklif etilmoqda.

“O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunda yaroqlilik muddati o‘tgan, shuningdek, ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan oziq-ovqat mahsulotlarini sotish hamda sotish maqsadida qabul qilish uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Senatorlarning fikricha, qonun qabul qilinishi iste’molchilar huquqlarini yanada ishonchli himoya qilish, xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari aylanmasini ta’minlash hamda inson salomatligiga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.
Majlis yakunida ko‘rilgan masalalar yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA