Davlatlararo ishonchdan ijtimoiy birdamlik sari: Bishkekda Markaziy Osiyoning mintaqaviy o‘ziga xosligi masalalari muhokama qilindi
22-iyul kuni Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining tashrif dasturi doirasida Markaziy Osiyoda mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish va mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan ekspert seminari bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Markaziy Osiyoda mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirish va mustahkamlash konsepsiyasi loyihasi muhokama markazida bo‘ldi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamda Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik tashabbuslar milliy instituti tomonidan Shveysariyaning PeaceNexus jamg‘armasi ko‘magida tashkil etildi.
Muhokama ochilishida so‘zga chiqqan SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov Markaziy Osiyo o‘z taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bosqichiga qadam qo‘yganini ta’kidladi. So‘nggi yillarda mintaqa davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch sezilarli darajada mustahkamlandi, o‘zaro bog‘liqlik kengaydi hamda yaqin vaqtgacha mintaqaviy hamkorlikni cheklab kelgan ko‘plab to‘siqlar bartaraf etildi.
Uning ta’kidlashicha, erishilgan mintaqaviy jipslashuv darajasi pirovard maqsad emas. Uning eng muhim ahamiyati uzoq muddatli tinchlik, barqaror taraqqiyot va aholi turmush sifatini oshirish uchun mustahkam zamin yaratishdan iborat. Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikning kengayishi, qo‘shma iqtisodiy loyihalarning rivojlanishi, gumanitar almashinuvlarning faollashuvi hamda hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarning ochilishi tufayli aynan Markaziy Osiyo aholisi ro‘y berayotgan o‘zgarishlardan eng katta manfaat ko‘rmoqda.
Shu bilan birga, erishilgan ijobiy sur’atni saqlab qolish uchun faqat davlatlararo kelishuvlarning o‘zi yetarli emasligi ta’kidlandi. Mintaqaviy yaqinlashuv jarayonlari keng jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi hamda mintaqa davlatlarining uzoq muddatli manfaatlari mushtarakligini anglashga tayanishi lozim. Markaziy Osiyoning mintaqaviy o‘ziga xosligini shakllantirish va mustahkamlash konsepsiyasi aynan shu maqsadga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Qayd etilganidek, bunda milliy o‘zlik yoki davlat suverenitetini zaiflashtirish haqida so‘z bormaydi. Aksincha, mintaqaviy o‘ziga xoslik milliy o‘zlikni tabiiy ravishda to‘ldiruvchi omil sifatida qaralmoqda. Bu yondashuv oddiy va uzviy bog‘liqlikni anglashga asoslanadi: Markaziy Osiyodagi har bir mamlakatning tinchligi, xavfsizligi va ravnaqi butun mintaqa farovonligiga bevosita xizmat qiladi. Mushtarak tarixiy-madaniy va sivilizatsiyaviy makon, ma’naviy-axloqiy qadriyatlarning yaqinligi hamda kelajak haqidagi umumiy qarash mintaqaviy o‘ziga xoslikning asosiy tayanchlari sifatida belgilandi.
Ishtirokchilar Bishkekdagi seminar avval Toshkent va Farg‘ona vodiysida o‘tkazilgan ekspert muhokamalarining mantiqiy davomi bo‘lganini qayd etdilar. Shu bilan birga, Konsepsiyani ishlab chiqish jarayoni boshidanoq ochiq va inklyuziv tamoyillar asosida tashkil etilib, unda Markaziy Osiyoning barcha davlatlari ekspertlar hamjamiyatining keng ishtiroki nazarda tutilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad hujjatni mintaqaning mushtarak intellektual mahsuliga aylantirishdan iborat.
Muhokamalar davomida ekspertlar bo‘lajak Konsepsiyaning mazmun-mohiyatini ko‘rib chiqib, zamonaviy «markaziy osiyolik» qiyofasini shakllantirish, mintaqaviy o‘ziga xoslikning tayanch qadriyatlarini belgilash, xalqaro tajribani moslashtirish imkoniyatlari, shuningdek, ehtimoliy tahdidlar va axborot to‘siqlari masalalarini muhokama qildilar.
Mintaqa aholisida umumiylik va daxldorlik hissini mustahkamlashning amaliy mexanizmlarini izlashga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada akademik mobillik, chegaraoldi hamkorligi, kreativ industriyalar, yoshlar va ekologik tashabbuslarni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muhokamalar yakunida ishtirokchilar hujjat ustidagi qo‘shma ishlarni davom ettirish niyatini tasdiqladilar. Ta’kidlanganidek, mintaqaviy o‘ziga xoslik, avvalo, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va barqaror hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan amaliy mazmun kasb etishi lozim.
O‘zA