Ukraina – RF: Muz eriy boshladimi?
Rossiya Qo‘shma Shtatlarga Ukraina bo‘yicha uch tomonlama muzokarani qayta boshlashga tayyorligi haqida xabar berdi, dedi Prezident Vladimir Putin jurnalist Pavel Zarubinga. Yetakchi ta’kidlashicha, muloqotdan ko‘zlangan maqsad yakuniy tinchlikka erishish va Rossiya xavfsizligini ta’minlash.
Rossiya rahbari Kiyev rasmiylarini urushni davom ettirishda ayblab, “Kiyev va G‘arbdagi homiylar Ukraina fuqarolariga xuddi mablag‘ sarflanayotgan buyumdek munosabatda bo‘layotgani”ni ta’kidlagan. Shuningdek, Moskva “murakkab vaziyatga yechim” izlashga tayyorligini qo‘shimcha qilgan.
“So‘nggi genetik tadqiqotlar ko‘rsatadiki, ruslar va ukrainlar bir xalq”, deya ta’kidlagan Putin.
Avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Rossiya Ukraina, AQSH va Rossiya delegatsiyalari o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishga rozilik berganini e’lon qilgandi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev muzokaraga noyabr oyi boshida kirishilishini kutyapti, ammo yakuniy sana hali kelishilmagan.
“Stiv Uitkoffning Rossiya tomoni bilan uchrashuvi muhim edi. Biz brifingdan tushunganimizdek, RF delegatsiyalarimiz darajasida uch tomonlama uchrashuvni qo‘llab-quvvatlashi haqida fikr-mulohaza oldik. Amerika tomoni uchrashuvni iloji boricha tezroq o‘tkazish tarafdori. Biz buni qo‘llab-quvvatlaymiz”, degandi davlat rahbari.
“The Atlantic” nashri yozishicha, AQSH yetakchisi Donald Tramp ham dekabr oyida Mayami yaqinidagi golf klubida bo‘lib o‘tadigan G20 sammiti davomida Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuviga erishilishidan umid qilayotganini bildirgan.

Tramp, Putin va Si Szinpin o‘rtasidagi uch tomonlama uchrashuv maqsadga erishish yo‘lida dadil qadam bo‘lishi mumkin. Bo‘lajak uchrashuvni Putin noyabr oyi o‘rtalarida Xitoyning Shenchjen shahrida o‘tkazish taklifini ilgari surgan. Muhokama mavzulari orasida Rossiya – Ukraina urushi ham bor. Faqat Kiyev mamlakat taqdiri Ukrania ishtirokisiz hal qilinishidan xavotirda, deyilgan xabarda.
Ukraina rahbariyati 3-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan AQSH oraliq saylovidan keyin Vashington tomonidan bosim kuchayishidan xavotirda. Gap shundaki, saylovdan keyin demokratlar Vakillar palatasida ko‘pchilikni qo‘lga kiritishi mumkin. Yangi Kongress esa 3-yanvardan keyin faoliyatini boshlaydi. Bunga qadar respublikachilar har ikki palatani nazorat qilib turadi. Bu holat Trampga o‘ziga ma’qul tashqi siyosat olib borish imkonini beradi.
S.Rahimov, O‘zA