Turkiyadagi forumda O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid davlat siyosati e’tirof etildi
Turkiyaning Istanbul shahrida Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasi o‘z ishini boshladi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi assambleya doirasida o‘tkazilgan Parlament ayol a’zolari forumi hamda Qo‘shilmaslik harakati parlament tarmog‘ining 5-konferensiyasida ishtirok etdi.

Forum “Nizolarning kuchayishi hamda ayollar va qizlar huquqlarining qisqarishi” mavzusiga bag‘ishlanib, unda global nizolar sharoitida xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlash, ularning ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda O‘zbekistonda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi ta’kidlandi. Ayollarning ta’lim olishi, iqtisodiy faolligini oshirish hamda qaror qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan qonunlar qabul qilinib, tizimli dasturlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yondashuv forum ishtirokchilari tomonidan ilg‘or tajriba sifatida e’tirof etildi.

Shu bilan birga, global miqyosda ayollar huquqlarining poymol etilishi, gender zo‘ravonlik, odam savdosi va majburiy nikoh kabi tahdidlarga qarshi kurashish va ularning oldini olishda parlamentlar oldida turgan ustuvor vazifalar yuzasidan qator tashabbuslar ilgari surildi.
O‘zbekiston tomonidan xotin-qizlar huquqlarini ilgari surish borasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekani bildirilib, ishtirokchilar Buxoro shahrida joriy yilning 14-15-may kunlari bo‘lib o‘tadigan Osiyo xotin-qizlari ikkinchi forumiga taklif etildi.

Bundan tashqari, “Qo‘shilmaslik harakati mintaqasida iqlim o‘zgarishiga bardoshli urbanizatsiyani ta’minlashda parlamentlar roli” mavzusiga bag‘ishlangan Qo‘shilmaslik harakati parlament tarmog‘ining 5-konferensiyasida shaharlar misli ko‘rilmagan sur’atlarda rivojlanayotgan bir sharoitda global iqlim muammolariga yechim topish, ularning oldini olishga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish hamda uning ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda zamonaviy huquqiy asoslarni shakllantirish, iqlim siyosatining amalga oshirilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, “yashil” iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.
Parlamentlar nafaqat qonun ijodkorligi jarayonida, balki uzoq muddatli davlat siyosatini shakllantirish, byudjet qo‘llab-quvvatlovini ta’minlash hamda milliy va xalqaro darajada hamjihatlikni ilgari surishda muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.
Konferensiya yakunida ishtirokchilar Qo‘shilmaslik harakatiga a’zo davlatlarning iqlimga bardoshli, xavfsiz va inklyuziv urbanizatsiyani ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligini yana bir bor tasdiqladi. Shuningdek, parlamentlararo hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA