Ona mehridan ayrilgan go‘dak Nurafshondan topildi
Toshkent viloyatida oilaviy nizolar sabab sarson bo‘lgan ona va bola taqdiri qonun va MIB xodimlarining sa’y-harakatlari bilan ijobiy yechim topdi.
Voqea tafsilotlariga ko‘ra, fuqaro S.A. turmush o‘rtog‘i Sh.Yu. bilan kelib chiqqan kelishmovchiliklar ortidan yashab turgan xonadonini tark etishga majbur bo‘lgan. Biroq ota go‘dakni onasiga bermasdan, farzand mehri orqali o‘z ayoliga bosim o‘tkazishga uringan. Ona o‘z huquqlarini tiklash va farzandini qaytarish ilinjida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudiga murojaat qildi. Sud go‘dakning ona parvarishiga o‘ta muhtojligini inobatga olib, da’voni qanoatlantirdi.
Majburiy ijro byurosining Ohangaron shahar bo‘limi tomonidan 2025-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan O.Sh.ni onasi tarbiyasiga olib berish yuzasidan ijro harakatlari boshlandi. Davlat ijrochisining qonuniy talablari va tushuntirishlariga qaramay, ota farzandini topshirishdan bosh tortib, uni noma’lum manzilga yashirib qo‘ydi.
Vaziyat keskinlashgach, 2025-yil 24-oktabr kuni bolani qidirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. MIB Toshkent viloyati boshqarmasi qidiruv sho‘’basi xodimlarining tezkor qidiruv harakatlari natijasida go‘dak Nurafshon shahrida, yaqin qarindoshlarining uyida yashirib kelinayotgani aniqlandi.
Ayni paytda farzand onasi bag‘riga qaytarilgan. Uzoq ayriliqdan so‘ng ona va bolaning diydorlashuvi ta’minlandi, sud qarori ijrosi to‘liq amalga oshirildi.
Hamroz Bayonov, O‘zA