Turkiya irodali g‘alabani qo‘lga kiritdi, Angliya esa minimal hisobda raqibidan ustun keldi. Kechagi uchrashuvlarda qayd etilgan natijalar bilan tanishing
Germaniya AQShni, Argentina esa Gondurasni taslim etdi.
Jahon chempionati startidan avval terma jamoalar o‘rtoqlik uchrashuvlari o‘tkazishda davom etmoqda. Kecha tunda ham bir qator qiziqarli bellashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Angliya 1:0 Yangi Zelandiya
Mundial favoritlaridan biri sanalgan Angliya terma jamoasi Okeaniya vakili Yangi Zelandiyaga qarshi maydonga tushdi. Bellashuvda inglizlar katta ustunlik namoyish etdi. Raqiblari darvozasiga 23 marotaba zarba berganiga qaramay, faqatgina bitta gol urishning uddasidan chiqishdi. Uchrashuvning birinchi bo‘limiga qo‘shib berilgan 3-daqiqada Jed Spensning uzatmasidan so‘ng Xarri Keyn gol urib, jamoasiga g‘alaba keltirdi.
Turkiya 2:1 Venesuela
24 yillik tanaffusdan so‘ng jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Turkiya terma jamoasi mundialga tayyorgarlik yo‘lida navbatdagi nazorat uchrashuvida maydonga tushdi. Bu safargi raqib Janubiy Amerika qit’asi vakili Venesuela bo‘ldi. Bahsda turklar birinchi bo‘lib o‘z darvozalaridan to‘p olib chiqishdi. Biroq birinchi bo‘lim yakunida Barish Alper Yilmaz hisobni tenglashtirgan bo‘lsa, ikkinchi taymning 9-daqiqasida Yunus Akgun "qizillar"ni hisobda oldinga olib chiqdi. Ushbu hisob o‘yin yakuniga qadar boshqa o‘zgarmadi va Turkiya g‘alaba qozondi.
Braziliya 2:1 Misr
Jahon chempionatining 5 karra chempionlari Braziliya terma jamoasi Muhammad Saloh yetakchiligida Misrga qarshi bahs olib bordi. Uchrashuvda 2ta tezkor gol urildi. Dastlab 8-daqiqada Bruno Gimaraesh gol urib, "pentakampeonlar"ni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, oradan 3 daqiqa o‘tib, Ziko muvozanatni tikladi. O‘yinning 53-daqiqasida esa Endrik Braziliyaga g‘alaba keltirgan golni urib hisobni 2:1 ko‘rinishiga keltirdi.
Bundan tashqari, Germaniya terma jamoasi turnir mezbonlaridan biri AQShga qarshi bahs olib borib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Shotlandiya vakillari esa Boliviyani 4:0 hisobida tor-mor etdi. Jahon chempionatining amaldagi g‘olibi Argentina terma jamoasi Gondurasdan ustun keldi 2:0. Qatar Salvador bilan Bosniya esa Panama bilan murosa ko‘chasini tanladi.