Tramp va Zelenskiy muloqoti NATO sammitining eng muhim voqeasiga aylandi
Amerikaning “The National Interest” nashri Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni Anqaradagi NATO sammitining asosiy g‘olibi deb atadi. Maqolada AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlashib borayotgan mojaro fonida eng muhim siyosiy natijaga aynan Kiyev erishganligi ta’kidlangan.
– Sammitning haqiqiy g‘olibi Ukraina yetakchisi Zelenskiy bo‘ldi, desak adashmaymiz, sababi u Trampni Ukrainaga “Patriot” havo mudofaasi tizimlarini ishlab chiqarish uchun litsenziyalash huquqini berishga ko‘ndirdi, -deyiladi maqolada.
Bir kun oldin rasmiy marosimlardan “izolyatsiya qilingan” deb taxmin qilingan Zelenskiy Ittifoq rahbarlari bilan bir qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi va Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va NATO bosh kotibi Mark Rutte bilan ishchi kechki taomlanishda ishtirok etdi.
Nashrning yozishicha, Trampning qarori Vashingtonning Yevropa ittifoqchilari bilan davom etayotgan kelishmovchiliklarga qaramay, Ukraina mudofaasini qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan chuqurroq sadoqatini namoyish etadi.
Maqolada NATO sammitining asosiy siyosiy natijasi AQSHning Yaqin Sharqdagi harakatlari emas, balki Ukrainani qo‘llab-quvvatlashning kuchayishi bo‘lganligi xulosa qilingan.
Yana bir natija NATO mamlakatlari joriy yilda qurol-yarog‘ yetkazib berish, Kiyevni qo‘llab-quvvatlashning boshqa shakllari uchun taxminan 70 milliard yevro ajratishga kelishib olingani, deyilmoqda xabarlarda. Shuningdek, yig‘inda qo‘shma qurol ishlab chiqarish dasturini kengaytirish ham ko‘rib chiqilgan.
“Reuters” xabariga ko‘ra, GFR kansleri Fridrix Mers Berlin Ukraina uchun Amerika ishlab chiqaruvchilaridan qo‘shimcha “Patriot” tizimlarini sotib olishni moliyalashtirishga tayyorligini tasdiqlagan.
Yana bir nufuzli nashr – “Financial Times” ham Trampning NATO sammitida Ukrainaga nisbatan munosabatini kutilmaganda o‘zgartirganiga e’tibor qaratdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp Anqarada bo‘lib o‘tgan NATO sammiti davomida kutilmaganda Ukrainaga nisbatan yanada ijobiyroq pozitsiyani egalladi va bu Yevropa ittifoqchilari orasida ehtiyotkorlik bilan nekbinlikni uyg‘otdi, deb yozdi “Financial Times” gazetasi.
Nashrning qayd etishicha, Tramp nafaqat Ukraina prezidenti Zelenskiy bilan iliq suhbatlar o‘tkazgan, balki Kiyevga Amerika “Patriot” havo mudofaasi tizimlarini ishlab chiqarish uchun litsenziya berishga tayyorligini ham e’lon qilgan. NATO bu Vashingtonning Rossiyaga nisbatan qattiqroq yondashuvini ko‘rsatishi mumkin deb hisoblaydi.
Tramp bir qator Yevropa ittifoqchilarini tanqid qilgan bo‘lsada, sammit ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, yopiq eshiklar ortida u Kiyevga yordam berishni davom ettirishni qo‘llab-quvvatlagan. Shuningdek, u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan suhbatlashish niyatida ekanligini va Moskvaning nizoni tugatish shartlari o‘zgarayotganiga ishonishini aytgan.
S.Rahimov, O‘zA