Laboratoriyadan tashqi bozorgacha: sifat nazorati takomillashmoqda
Bugun mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini jadal rivojlantirishda faqat hosildorlikni oshirish emas, balki mahsulot sifati va xavfsizligini xalqaro talablar darajasida ta’minlash ham ustuvor vazifaga aylandi. Zero, tashqi bozorda raqobatbardoshlik avvalo mahsulot sifati, uning xavfsizligi va xalqaro mezonlarga muvofiqligini tasdiqlovchi sertifikatlar bilan belgilanadi.
So‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan sohada laboratoriyalarni modernizatsiya qilish, sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish va raqamli xizmatlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasi tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar ham mazkur islohotlarning amaliy natijasi bo‘ldi.
Hisobot davrida paxtachilik, donchilik va urug‘chilik tarmoqlarida yuz minglab tonna mahsulot laboratoriya sinovlaridan o‘tkazilib, ularning sifat ko‘rsatkichlari xalqaro talablar asosida baholandi. Paxta tolasi, paxta momig‘i, texnik chigit, shuningdek, import qilingan don va un mahsulotlarini sertifikatlashtirish ishlari belgilangan tartibda amalga oshirildi.
Ayniqsa, urug‘chilik sohasida raqamli nazorat mexanizmlari kengayib bormoqda. Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlarini QR-kodli yorliqlash tizimining joriy etilishi mahsulot kelib chiqishi va sifati ustidan nazoratni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda. Birinchi yarim yillikda millionlab QR-kodli yorliqlar ishlab chiqaruvchilarga taqdim etildi.
Shu bilan birga, mahalliy va import qilingan mevali hamda manzarali daraxt ko‘chatlari, urug‘lik chigit, kartoshka tuganaklari, sabzavot, poliz va yem-xashak ekinlari urug‘lari laboratoriyalarda sinovdan o‘tkazilib, belgilangan talablarga javob bergan partiyalarga ekinboplik xulosalari rasmiylashtirildi. Bu esa qishloq xo‘jaligida sifatli urug‘lik bazasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Markazimiz faoliyatida xalqaro hamkorlikni kengaytirish ham ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda, – deydi “O‘zagroinspeksiya” qoshidagi “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi” davlat muassasasi direktori Jahongir Karimov. – “Strategic Development and Research International Center (ISCAD)” bilan hamkorlikda urug‘chilik sohasini modernizatsiya qilish bo‘yicha loyihaning ikkinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlanib, zamonaviy laboratoriya uskunalari ishga tushirildi.
Bundan tashqari, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan hamkorlikda urug‘lar sifatini baholash laboratoriyalari salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan loyiha amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning eng muhim voqealaridan biri Markazning “International Seed Testing Association (ISTA)” xalqaro tashkiloti a’zoligiga qabul qilingani bo‘ldi. Bu nafaqat milliy urug‘chilik tizimini xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirish, balki kelgusida ISTA akkreditatsiyasini qo‘lga kiritish uchun ham muhim huquqiy asos yaratdi.
Shuningdek, Niderlandiyaning “Naktuinbouw” tashkiloti bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. AQSH, Germaniya, Braziliya hamda Turkiyaning qishloq xo‘jaligi sohasidagi nufuzli tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlar esa ilg‘or tajribalar va innovatsion yondashuvlarni milliy tizimga tatbiq etishga xizmat qiladi.
E’tiborlisi, amalga oshirilayotgan ishlar faqat laboratoriyalar faoliyatini takomillashtirish bilan cheklanmayapti. Ular mamlakatimizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifati va xavfsizligini ishonchli kafolatlash, eksport geografiyasini kengaytirish hamda o‘zbek mahsulotlarining jahon bozoridagi raqobatbardoshligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu esa Yangi O‘zbekistonda agrar sohani zamonaviy standartlar asosida rivojlantirishga qaratilgan islohotlarning muhim amaliy natijasidir.
Nilufar Bozorova, O‘zA