«Tottenhem» Viktor Osimhen uchun dastlabki taklif bilan chiqdi
Turkiya grandi o‘z hujumchisi uchun 65 million funt sterling (taxminan 76 million yevro) talab qilmoqda.
Angliyaning «Tottenhem» klubi «Galatasaroy» hujumchisi Viktor Osimhen transferi bo‘yicha dastlabki taklifini yubordi. Bu haqda insayder Ekrem Konur xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, London klubi nigeriyalik futbolchi uchun 50–55 million funt sterling (58–65 million yevro) taklif qilgan.
Biroq «Galatasaroy» ushbu summaga rozi emas. Turkiya grandi o‘z hujumchisi uchun 65 million funt sterling (taxminan 76 million yevro) talab qilmoqda.
Qayd etilishicha, Osimhenga faqat «Tottenhem» emas, balki «Manchester Yunayted», «Chelsi» va Madridning «Atletiko» klublari ham qiziqish bildirmoqda. Ularning barchasi transfer bo‘yicha vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, «Galatasaroy» Viktor Osimhenni 2025-yil yozida «Napoli»dan 75 million yevro evaziga sotib olgan edi. Bu transfer Turkiya futboli tarixidagi eng qimmat xarid bo‘lib qolmoqda.
Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2029-yil iyunigacha amal qiladi. Transfermarkt portaliga ko‘ra, uning bozor qiymati ham 75 million yevroni tashkil etadi.