Toshkentda xalqaro muhandislik konsorsiumi tuzildi
Toshkentda muhandislik ta’limi va texnologiyalar sohasida yangi hamkorlik formati yo‘lga qo‘yildi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti tashabbusi bilan “Kelajak muhandislari” xalqaro muhandislik konsorsiumini tashkil etish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Konsorsium tarkibiga Markaziy Osiyo va Rossiya yetakchi oliy ta’lim muassasalari – Sankt-Peterburg politexnika universiteti, Al-Farobiy nomidagi Qozog‘iston milliy universiteti, Q.Satpayev nomidagi texnika universiteti, Tojikiston texnika universiteti, Qirg‘iziston davlat texnika universiteti hamda Turkmanistonning Ya.Kakayev nomidagi Xalqaro neft va gaz universiteti jalb etildi.
[gallery-29058]
Sanoat, energetika va transport tarmog‘i uchun zamonaviy texnologiya, jumladan sun’iy intellekt yechimini amalda qo‘llay oladigan yuqori malakali muhandis kadrlar tayyorlash yangi tuzilmaning asosiy maqsadi sifatida belgilandi. Shuningdek, talabalar va professor-o‘qituvchilar o‘rtasida tizimli akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalar ishlab chiqish, laboratoriya bazasini takomillashtirish ham ustuvor vazifa hisoblanadi.
– Mazkur hujjat oddiy hamkorlik kelishuvi emas, balki mintaqa texnologik taraqqiyotini belgilab beruvchi strategik platforma hisoblanadi, – deydi TDTU rektori professor Sadriddin Turobjonov. – Asosiy maqsadimiz xalqaro muhitda samarali ishlay oladigan, raqamli iqtisodiyot talabiga javob beradigan yangi avlod muhandislarini tayyorlashdir.
Dilshod Hakimov, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA