Toshkentda o‘tmish va kelajakka olib o‘tuvchi ko‘prik borligini bilasizmi?
Yo‘l-yo‘lakay...
Yakkasaroy tumanida ko‘plab toshkentliklar va poytaxt mehmonlari hali yaxshi bilmaydigan bir manzil bor. Bu joy gavjum kentimizning yaqinlar bilan borib ko‘rish kerak bo‘lgan maskanlaridan biri sanaladi.
Gap yangi barpo etilgan Milliy madaniy markazlar paviloni haqida bo‘lyapti. Bir necha kun avval ana shu maydon – xalqimizning do‘stlik va birdamlik shaharchasiga yo‘lim tushdi. Ha, bu joyni ana shunday nomlagim keldi.

Yurtimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona oiladek yashab kelmoqda. Shuningdek, 157 ta milliy madaniy markaz faoliyat ko‘rsatayotir. Bu rivojlangan mamlakatlar uchun ham kam uchraydigan holat. Bu bir necha asrlik tarixiy jarayonlar, bag‘rikeng madaniyat va davlat siyosatining izchil yo‘nalishi natijasidir.

Pavilon tashkil etilganiga hali ko‘p bo‘lmadi. U nafaqat ekspozitsiya maydoni, balki amaliy muloqot, ijodkorlik, tillarni o‘rganish va madaniy tadbirlar o‘tkaziladigan markazga aylandi. Ayni shu davrda ushbu maskanga maktab o‘quvchilari, talabalar va sayyohlardan iborat minglab mehmonlar tashrif buyurdi. Katta-katta tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Milliy madaniyatlar markazlashgan holda namoyish etilayotgani yosh avlodda qiziqish uyg‘otmoqda. Turli millatlar o‘rtasida muloqot madaniyatini kuchaytirib, mamlakatning bag‘rikeng imijini mustahkamlayapti.

Bu Do‘stlik bog‘i hamda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasiga tutash hududda barpo etilgan yigirma ikki millat uylari sanaladi. Har bir uy arxitekturaning yorqin mozaikasidir. Qozoq, qirg‘iz, turkman va boshqird xalqlariga xos o‘tovlar hayratingizni oshiradi. Shu bilan birga koreys, belarus, ukrain, grek, olmon, dungan, polyak, yahudiy, gruzin, arman, tatar va qrim-tatar, uyg‘ur, turk, tojik, xitoy, rus va ozarbayjon xalqlariga xos ikki qavatli do‘stlik uylari esa o‘ziga xos estetik qiyofaga ega.
Intererlar ham o‘sha xalqning an’analariga uyg‘un holda bezatilgan. Bu milliy liboslar, cholg‘u asboblari, tarixiy maketlar, dekorativ-amaliy san’at namunalari orqali har bir millatning ruhi, uning qadri va o‘zligiga oid muhim belgilarni namoyon qiladi.
Eslatib o‘tish joiz, pavilon ayni Navro‘z kunlari alohida bir muhit kasb etdi. Chunki Navro‘zning o‘zi yangilanish, birdamlik va yaxshilikka chorlov ramzi. Mana shu umuminsoniy g‘oyalar bu maskanda yanada jonlandi, chunki har bir millatning milliy uyi bayram ruhiga xos bezaklar bilan to‘ldi.

Davlat rahbari 21-mart kuni ushbu pavilonga tashrif buyurgan edi. Buni madaniy xilma-xillikka berilgan e’tiborning qay darajada yuqori darajada ekanining amaliy tasdig‘i deyish mumkin.
– Rostini aytsam, bu yerga kirganimda o‘zimni go‘yo katta dunyoning ixcham bir nusxasiga sayohatga chiqqanday his qildim, – dedi tojikistonlik sayyoh Rahmonaliy Sharifzoda. – Har bir millat uyida uning qalbi, madaniyati, tarixi yashab turganini ko‘rdim. Tojik uyining milliy ruh bilan bezatilgani juda yoqdi. Lekin meni hayratga solgan asosiy narsa xalqingizning boshqa millatlarga nisbatan shunchalik ochiqligi va hurmati bo‘ldi. Har bir uy bir-birini to‘ldirib turgan katta bir mozaikaning bo‘lagiga o‘xshaydi. Bu yer tinchlik va totuvlik qanday bebaho ne’mat ekanini eslatadi. Bunday maskan har bir mamlakatda bo‘lishi kerak. Toshkentda o‘tmish va kelajakka olib o‘tuvchi, xalqlarni birlashtiruvchi mana shunday o‘ziga xos ko‘prik borligini tanishlarimga ham yetkazish uchun ko‘p suratlar oldim.
Bu pavilon qisqa davrda nafaqat arxitektura namunasi, balki xalqlarni birlashtiruvchi ma’rifat dargohiga aylandi. Bunday manzillar qancha ko‘p bo‘lsa, butun mintaqa tinchligi va barqarorligiga qo‘shiladigan hissa ham shuncha ortib boradi.
Ikrom AVVALBOEV, Hasan PAYDOEV (surat), O‘zA