Partiya plenumida dolzarb masalalar muhokama etildi
Nukusda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining IV plenumi bo‘lib o‘tdi.
Unda partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi a’zolari, partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi mas’ul xodimlari, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlaridagi partiya guruhi a’zolari, partiyaning shahar va tuman kengashi raislari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Plenum kun tartibida partiya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi Ijroiya qo‘mitasining 2025-yildagi faoliyati yuzasidan hisoboti, Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasining amalga oshirgan ishlari bo‘yicha axboroti, partiya kengashining byudjeti ijrosi va kelgusi yilga mo‘ljallangan asosiy ko‘rsatkichlar muhokama qilindi. Shuningdek, partiya Markaziy Kengashi plenumi qarorlarining mazmun-mohiyati atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, 2025-yil davomida partiya faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, amaldagi qonunlar, Prezident farmon va qarorlari, partiya Ustavi hamda dasturiy hujjatlar asosida tizimli tashkil etildi. Hisobot davrida partiya organlari tomonidan 115 ta qaror qabul qilinib, ular orqali ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda partiyaning faol ishtiroki ta’minlandi. Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi a’zolari tomonidan saylovchilar bilan 346 ta uchrashuv o‘tkazilib, 452 ta muammo aniqlandi. Ularning 442 tasi hal qilinib, aholi murojaatlariga samarali yechim topildi.
[gallery-29117]
Partiyaning saylovoldi dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida deputatlik korpusi tomonidan 749 ta deputatlik so‘rovi yuborilib, ularning barchasi ijobiy hal etildi. Shuningdek, 122 marotaba sessiyalarda hududiy rahbarlar va mansabdor shaxslarning hisoboti tinglandi.
O‘tgan davrda partiyaning deputatlik birlashmalari tomonidan aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimini rivojlantirish, shuningdek, qishloq joylarda infratuzilma va xizmatlar sifatini yaxshilash hamda boshqa muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalarga doir jami 128 ta masala partiya guruhlarida, 128 ta masala doimiy komissiyalarda va 126 ta masala mahalliy Kengashlar sessiyalarida ko‘rib chiqildi.
Hisobot davrida O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi partiya fraksiyasi, xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlaridagi partiya guruhlari a’zolari hamkorligida hududda olib borilayotgan islohotlar va ularning natijadorligi bilan bog‘liq jarayonlarni o‘rganish ishlari olib borildi.
Xususan, fuqarolarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish, kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash jarayonida yuzaga kelayotgan muammolarni o‘rganish bo‘yicha shahar va tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari, shahar va tumanlardagi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlarida uchrashuvlar o‘tkazildi. Muloqot jarayonida sohadagi islohotlar va kelgusi vazifalar muhokama etilib, yechimini kutayotgan masalalar bo‘yicha takliflar ham o‘rganildi.
Joylardagi muammolarni o‘rganish, ularni hal etish, fuqarolarga huquqiy maslahat berish borasida muayyan ishlar olib borildi. Jumladan, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shahar va tuman kengashlari qoshidagi “Jamoatchilik qabulxonalari”ga fuqarolar tomonidan jami 1 ming 473 ta murojaat kelib tushdi. Ushbu murojaatlarning 1 ming 441 tasi, ya’ni 97 foizi partiya mas’ul xodimlari hamda deputatlar ishtirokida ijobiy hal qilishga erishildi. Bu esa aholi bilan ishlash samaradorligi sezilarli darajada oshganini ko‘rsatadi.
Hisobot davrida partiya safi kengayib, a’zolar soni 67 ming 568 nafarga yetdi. Ular tarkibidagi yoshlar ulushi 42,15 foiz va ayollar ulushi 50 foizga yetdi. Yangidan 29 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti tashkil etildi.
Shu bilan birga, partiyaning saylovoldi dasturida belgilangan maqsad va vazifalardan kelib chiqib, “Deputat mahallada”, “Quvonch va mehr ulashaylik”, “Salomatlik aksiyasi”, “Orzular dunyosi”, “Siyosatdagi yoshlar”, “Imkon”, “Uzoq umr kaliti”, “Deputat va yoshlar”, “Siyosatdagi yoshlar” turniri, “Ijtimoiy tashabbuslar” aksiyasi, “Bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaylik”, “Safimizdagi yoshlar”, “Imkoniyati cheksiz ayollar” kabi loyiha va aksiya amalga oshirildi. Ularda 21 ming nafardan ortiq fuqaro qamrab olindi.
Plenumda kun tartibidagi masalalar yuzasidan plenum a’zolari, deputatlar, partiya tuman kengashlari raislari o‘z fikr-mulohazalarini va takliflarini bildirdi. Shular asosida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashining ustuvor vazifalari belgilab olindi.
Plenum yakunida kun tartibidagi muhokama qilingan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilindi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.