Toshkent viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Toshkent viloyati huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan faol tadbirda fuqaroni Toshkent shahridagi oliygohlarning biriga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxs fosh etildi.
Xususan, 1991-yilda tug‘ilgan, Bekobod tumanida yashovchi R.J. o‘zga shaxsdan oliy ta’lim muassasasiga soxta hujjatlar asosida 4-kursga o‘qishga kiritib qo‘yish evaziga 2 ming AQSH dollari talab qilgan. U shundan 1 ming 500 AQSH dollarini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida qo‘lga olindi. To‘plangan materiallar asosida qonunbuzarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
***
Nurafshon shahrida tibbiyot xodimlari o‘rtasida “Sog‘lom tanda – sifatli tibbiyot” shiori ostida Kasaba uyushmasi kubogi uchun viloyat bosqichi musobaqalari bo‘lib o‘tdi.
“Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida tashkil etilgan mazkur musobaqada mini futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi va voleybol bo‘yicha saralangan jamoalarda 150 nafarga yaqin ishtirokchilar qatnashdi. Aytish mumkinki, quyi bosqichlarda 3 ming 500 nafardan ortiq tibbiyot xodimlari ishtirok etdi.
G‘olib jamoa sertifikat, medallar va Kasaba uyushmasi kubogi bilan taqdirlandi.

***
Toshkent viloyat hokimining o‘rinbosari Otabek Sultonbekov, Nurafshon shahar hokimi Ilhom Klichxanov hamda Polsha davlatidan kelgan delegatsiya a’zolari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Dastavval mehmonlarga Nurafshon shahrining investitsiyaviy muhiti, iqtisodiy salohiyati va istiqbolli loyihalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Taqdimot davomida sanoat zonalari, zamonaviy infratuzilma, qulay geografik joylashuv hamda xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar alohida ta’kidlandi. Shu bilan birga, hududda amalga oshirilayotgan yirik loyihalar va kelgusidagi rejalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Muloqot davomida tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, turizm, madaniyat va sport sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Ayniqsa, sanoatning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan metallurgiya sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari alohida qayd etildi. Bu borada texnologiyalar almashinuvi, qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish hamda mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
A.Musayev, O‘zA