Amudaryoda ichimlik suv ta’minoti yaxshilanadi
“Qoraqalpoq suv ta’minoti” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Amudaryo tumanida aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Unda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shu jumladan, Amudaryo tumani aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va kanalizatsiya xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 9-apreldagi “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “O‘zbekistonning g‘arbiy qismida ichimlik suvi ta’minoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Amudaryo, Beruniy, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot, Nukus va Mo‘ynoq tumanlaridagi aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning sifatli ichimlik suvi ta’minotini yanada yaxshilash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida 2018-yil 28-dekabrda qiymati 145,0 million AQSH dollari miqdorida bitim imzolandi.
2026-yilda respublika aholisining ichimlik suv ta’minotini yaxshilash maqsadida jami 12 ta loyihada uzunligi 154,4 kilometr ichimlik va oqova suv tarmog‘ini, 11 ta suv inshootini yangidan qurish va rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu ishlar natijasida Orolbo‘yidagi 10 ming 533 xonadon 57 ming 546 nafar kishining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi. Shundan 2 ming 44 xonadondan 11 ming 13 nafar kishi ichimlik suvi bilan ta’minlandi. Bundan tashqari dastur asosida 1 ming 728 ta xonadonga ichki ichimlik suvi tarmog‘i qurilib, suv hisoblagichlar o‘rnatiladi.
[gallery-28940]
Bugungi kunda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi ushbu loyiha doirasida Amudaryo tumanida quvvati sutkasiga 40 ming m3 bo‘lgan “Mang‘it” suv tozalash inshooti qurilish ishlari jadal suratlarda olib borilmoqda. Shartnoma qiymati 12,99 million AQSH dollari bo‘lgan ushbu inshoot qurilishi Xorazm viloyatidagi “Obi hayot injiniring” mas’uliyati cheklangan jamiyat quruvchilari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Suv tozalash inshooti qurilish quruvchilarning samarali mehnat qilish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Ular maxsus kiyim-kechak ham issiq ovqat bilan ta’minlangan. Bu yerdagi laboratoriyalar va suvni yetkazib beruvchi inshootlar Germaniya va boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlanadi. Ularning barchasi avtomatlashtirilgan tarzda boshqariladi.
Loyiha doirasida Amudaryo tumani aholisining ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 15 ta ovul va mahallalarda ichimlik 3 ta suv taqsimlash inshooti, 354 kilometr suv tarmog‘i, 6 ta suv rezervuarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda 11 ming 991 ta suv hisoblagichlarni o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Bugungi kunda “RU-1”, “Quyuk-ko‘pir” va “Kilichbay” suv taqsimlash inshootlarida (STI) qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda va jami 319 kilometr suv tarmog‘i tortilgan.
Ta’kidlash joizki, tuman bo‘yicha 56 ming nafardan ziyod aholi ilk bor ichimlik suvi bilan ta’minlanadi, 22 ming nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanadi. Tuman hududidagi har bir xonadonga ichimlik suvi yetkazib beriladi. Natijada tuman aholisining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 80 foizga yetkazilishi kutilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari “Mang‘it” suv tozalash inshooti va “RU-1” suv taqsimlash inshootini yangidan qurish, yangi ichimlik suv tarmog‘ini tortish ishlari bilan tanishdi va o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.