Tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishni mo‘ljallashmoqda
Jizzax politexnika institutida ADB – Asian Development Bank (Osiyo Taraqqiyot Banki)ning Filippin davlatining Manila shahridagi bosh ofisi hamda O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda iqlim o‘zgarishiga moslashuv, barqaror shaharlar rivoji va “yashil” innovatsiyalarni hayotga keng joriy etish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Osiyo taraqqiyot bankining iqlimga moslashuv va barqarorlik masalalari bo‘yicha katta mutaxassisi Okju Jeong xonim boshchiligidagi ekspertlar tashrifi mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, ilm-fan va amaliyot uyg‘unligini kuchaytirish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mantiqiy davomi sifatida baholanmoqda.

Muloqot chog‘ida iqlim o‘zgarishining global xavflariga qarshi samarali yechimlar ishlab chiqish, shahar infratuzilmasini zamon talablari asosida takomillashtirish hamda ekologik barqaror rivojlanishga xizmat qiluvchi innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, qo‘shma ilmiy va amaliy loyihalarni hayotga tatbiq etish yuzasidan o‘zaro manfaatli takliflarni muhokama qildi.

Uchrashuvda erishilgan kelishuvlar mamlakatimizda “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy etishga qaratilgan davlat siyosati bilan hamohangdir. Xususan, davlatimiz rahbarining 2019-yil 4-oktabrda qabul qilingan “2019 — 2030-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ustuvor vazifalarni belgilab bergan muhim dasturilamal hujjat hisoblanadi. Mazkur qarorda iqlim o‘zgarishi oqibatlariga moslashish, resurslardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash va “yashil” texnologiyalarni keng tatbiq etish asosiy yo‘nalishlar sifatida belgilangan.

Shu nuqtai nazardan, Jizzax politexnika instituti va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik mazkur strategik vazifalar ijrosini ta’minlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, “Shaharlar uchun iqlim harakatlari rejasini ishlab chiqish orqali iqlimga mos va barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida hamkorlik qilish bo‘yicha erishilgan kelishuv kelgusida hududlarda zamonaviy ekologik yondashuvlarni qaror toptirishga zamin yaratadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri