“TIHE 2026”: Tibbiyot sohasidagi ilg‘or yechimlar namoyish etilmoqda
Sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, zamonaviy tibbiy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish hamda xalqaro tajriba almashinuvini kengaytirish bugungi kunning eng ustuvor vazifalaridan biridir. Ayniqsa, diagnostika, davolash, farmatsevtika va estetik tibbiyot sohalaridagi innovatsion yechimlar inson salomatligini muhofaza qilishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.
Shu nuqtai nazardan, bugun “CAEx Uzbekistan” ko‘rgazmalar majmuasida o‘z ishini boshlagan Toshkent xalqaro “Sog‘liqni saqlash - TIHE 2026” ko‘rgazmasi mintaqadagi eng yirik tibbiyot tadbirlaridan biri sifatida alohida e’tirof etiladi.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi hamda uning hamkori “ICA Eurasia Group” tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda 20 ta mamlakatdan 300 dan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova va boshqalar so‘zga chiqib, mamlakatimiz tibbiyot sohasini rivojlantirishda bu kabi ko‘rgazma, muloqot va hamkorlik muhim ekanini qayd etdi.
[gallery-29048]
Ta’kidlanishicha, mazkur tadbir 1995-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinadi. U o‘zining 30 yillik faoliyati davomida tibbiyot sohasidagi eng yirik xalqaro maydonlardan biri sifatida o‘z mavqeini mustahkamlab ulgurgan. Bugungi kunda ko‘rgazma tibbiyot mutaxassislari, biznes va davlat idoralari vakillari o‘rtasida tajriba almashish, yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda eng so‘nggi texnologiyalarni namoyish etish uchun muhim va nufuzli maydon vazifasini bajarmoqda.
“Delta Max Group” kompaniyasi savdo menejeri Shuhrat Satimovning ta’kidlashicha, korxona bir necha yildan buyon xalqaro tibbiyot ko‘rgazmalarida faol ishtirok etib kelmoqda.
– Biz “Delta Max Group” sifatida Yevropa davlatlarida ishlab chiqarilgan zamonaviy tibbiy uskunalarni taqdim etamiz. Ushbu uskunalar jarrohlik va davolash jarayonlarini yanada samarali va yuqori sifatli darajaga olib chiqishga xizmat qiladi. Umuman olganda, biz ushbu an’anaviy ko‘rgazmaning 12 yillik faol ishtirokchisimiz va shu davr mobaynida katta tajriba hamda mustahkam biznes aloqalarini shakllantirishga erishdik. Har bir ko‘rgazma biz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Bu yerda nafaqat mahsulotlarimizni taqdim etamiz, balki yangi hamkorlar bilan uchrashamiz, bozor ehtiyojlarini o‘rganamiz va sohadagi so‘nggi tendensiyalar bilan tanishamiz, – dedi u.
Ko‘rgazma doirasida zamonaviy tibbiy texnika va diagnostika uskunalari, laboratoriya jihozlari, dori-darmonlar, stomatologiya uskunalari, tibbiyot muassasalari uchun mebel hamda farmatsevtika sanoatiga oid ilg‘or texnologiyalar namoyish etilmoqda. Shuningdek, Germaniya, Xitoy, Hindiston va Latviya milliy pavilonlari hamda bir qator davlatlar kompaniyalarining jamoaviy stendlari ham o‘z mahsulot va yechimlarini taqdim qilyapti.
Shuningdek, ushbu majmuada “Beauty Uzbekistan-2026” - go‘zallik, kosmetologiya va parfyumeriya-kosmetika sanoatining ixtisoslashtirilgan xalqaro ko‘rgazmasi ham ochildi. Unda 15 ta mamlakatdan 100 dan ortiq kompaniya o‘z mahsulotlarini havola etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur ko‘rgazmalar 30-aprel kuni o‘z ishini yakunlaydi.
Nasiba Ziyodullayeva, Oybek Pardayev (surat), O‘zA