Tibbiyot: muassasalar nufuzi va ishonchliligi xalqaro standartlar bilan o‘lchanadi
Sharh
Keyingi yillarda mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish va tibbiy xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz tomonidan 2026-yilning 5-may kuni imzolangan “Tibbiyot sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bu boradagi islohotlarni yangi, sifat bosqichiga olib chiqishga xizmat qiladi.
Ushbu hujjat shunchaki tashkiliy o‘zgarish emas, balki aholi salomatligini himoya qilishda davlat va xususiy sektor uchun yagona, shaffof va xalqaro talablarga asoslangan nazorat tizimini o‘rnatishga qaratilgan strategik qadamdir.
Hujjatdagi eng muhim yangiliklardan biri, endilikda nafaqat xususiy, balki davlat tibbiyot muassasalari uchun ham majburiy litsenziyalash tizimi joriy etilayotganidir. Bu davlat shifoxonalarida ham xizmat ko‘rsatish sharoitlari va sifatini qat’iy nazorat qilish imkonini beradi.
Mazkur jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. 2027-yil 1-aprelga qadar respublika darajasidagi muassasalar, 2028-yil yakuniga qadar hududiy (viloyat) darajadagi muassasalar, 2030-yil yakuniga qadar tuman va shahar darajasidagi shifoxonalar.
Buning natijasida 2030-yilgacha 3 000 dan ortiq davlat tibbiyot maskanlari zamonaviy litsenziya talablariga moslashtiriladi.
Qarorga ko‘ra, tibbiyot tashkilotlarining nufuzi va ishonchliligi endilikda xalqaro standartlar bilan o‘lchanadi. 2028-yil 1-apreldan boshlab milliy yoki xalqaro (ISQua) akkreditatsiyadan o‘tmagan respublika darajasidagi davlat va nodavlat shifoxonalar bilan Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi o‘rtasida shartnoma tuzilmaydi. Bu degani, sifat talabiga javob bermagan muassasalarga davlat buyurtmasi berilmaydi.
Tibbiyotdagi byurokratiya va sifatsiz xizmatga qarshi eng samarali kurash raqamlashtirishdir. 2027-yil 1-apreldan boshlab barcha tibbiyot tashkilotlari o‘z axborot tizimlarini yagona Raqamli sog‘liqni saqlash platformasiga integratsiya qilishi shart.
Bu nima beradi? Birinchidan, bunda bemorlar haqidagi ma’lumotlar almashinuvi tezlashadi. Ikkinchidan, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi yangi Markaz – "Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi" tibbiyot tashkilotlari faoliyatini masofaviy baholab boradi. Uchinchidan, tashxislash va davolash standartlarining elektron bazasi orqali shifokorlar ishi nazorat qilinadi.
Sohada shaffoflikni ta’minlash maqsadida 2026-yil 1-iyuldan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida maxsus Markaz – "Tibbiyot tashkilotlarini litsenziyalash va akkreditatsiyalash markazi" ish boshlaydi. Unga tibbiy faoliyatni litsenziyalash va sifatni nazorat qilish bo‘yicha barcha vakolatlar berilmoqda.
E’tiborli jihati, nazorat tizimida tadbirkorlar (xususiy klinikalar) huquqlari ham himoyalangan. Tekshiruvlar boshlangach 24 soat ichida Biznes-ombudsman xabardor qilinadi. Shu bilan birga, profilaktika tadbirlari davomida ob’ektlarni ko‘zdan kechirish orqali kamchiliklarni oldindan bartaraf etishga urg‘u beriladi.
Tizimni zamon talablariga moslashtirish uchun 2026-yilda davlat byudjetidan 20 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.
Shuningdek, "El-yurt umidi" jamg‘armasi orqali Markazning 20 nafar va sohadagi NNTlarning 5 nafar mutaxassisi xorijda malaka oshiradi.
Ushbu qaror sog‘liqni saqlash tizimini boshqarishda yangi davrni boshlab beradi. Endi eng asosiy mezon ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning xalqaro standartlarga, klinik protokollarga qanchalik mos kelishidir. Bu islohotlarning pirovard maqsadi esa bitta – O‘zbekiston fuqarolari uchun dunyo standartlari darajasidagi xavfsiz va sifatli tibbiyotni ta’minlash.
Mohigul Qosimova, O‘zA