Bu yil Farg‘onadan 1800 nafar kishi hajga boradi (+video)
Saudiya Podshohligi islom olamining nigohida. Millionlab ziyoratchilar Makka va Madina tomon intilmoqda. Haj mavsumi yaqin qoldi.
Bu yil Muqaddas Haj safariga mamlakatimizdan 15 ming nafar ziyoratchi borsa, uning 1800 nafari Farg‘ona viloyatidan. Ular ham kunma-kun Saudiyaga yo‘l olishmoqda. Ularning Haj amallarini erkin, xavfsiz va mukammal ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi.


Farg‘ona xalqaro aeroportidan ziyoratchilarning ilk guruhi — 360 nafar farg‘onalik muqaddas diniy amallarni ado etish uchun Saudiya podshohligi tomon yo‘lga chiqdi.

Ularni kuzatish marosimida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etib, ziyoratchilarni ushbu muqaddas safar bilan qutladi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida Hajga boruvchilar uchun imkoniyatlar kengaygani, ziyoratchilar soni ortib borayotgani ta’kidlandi.

Samimiy muloqotda ziyoratchilar yaratilgan imkoniyatlar uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, yurtimiz tinchligi va farovonligi uchun duo qildilar.

– Bu kunlarni juda ko‘p orzu qilganmiz. Hajga borgach yurtimiz, xalqimiz uchun, dehqon va fermerlarimiz uchun albatta duoda bo‘lamiz, – deydi Buvayda tumanidan mehnat faxriysi Abduhofiz A’zamov.


Shundan so‘ng ziyoratchilar maxsus aviareyslar orqali Madina shahriga jo‘nab ketishdi.
Rasman ma’lum qilinishicha, haj safariga jo‘nab ketish tadbirlari 18-mayga qadar davom etadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VykFodrt8y8" title="Farg‘onadan 1800 nafar kishi hajga boradi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov. Elyor Olimov (video, surat), O‘zA