"Tata Steel Chess-2025": Bugun Nodirbek Abdusattorov Giri bilan revansh jangini o‘tkazadi
Bugun, 25 yanvar kuni Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahrida shaxmat bo‘yicha davom etayotgan an’anaviy "Tata Steel Chess-2025" turnirining 7-tur bahslari bo‘lib o‘tadi.
Kecha poyoniga yetgan 6-turning "Masters" guruhida Nodirbek Abdusattorov turnirdagi asosiy raqiblaridan biri - amaldagi jahon chempioni, hindistonlik Dommaraju Gukesh bilan kuch sinashdi.

Uchrashuvda Nodirbek butun o‘yin mobaynida ustunlikka erishdi. Qaysidir vaziyatlarda hind shaxmatchisi mag‘lubiyatini tan olgandi ham go‘yo. Lekin, 7 soat atrofida davom etgan kurashda Abdusattorovning kichik xatosi uchrashuvning durang bilan yakunlanishiga olib keldi.

7-tur oldidan Nodirbek Abdusattorov 4,5 ochko bilan peshqadamlikni saqlab qoldi. Hindistonlik Rameshbabu Praggnanandxa ham 6-turda oq donalarda xitoylik Vey I bilan durangga erishib, 4,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra 2-o‘rinni saqlab turibdi. Jahon chempioni Gukesh esa 4 ochko bilan 3-pog‘onada bormoqda.
"Chellenjer" guruhida qatnashayotgan Nodirbek Yoqubboyev 6-turda oq donalarda germaniyalik Frederik Sven bilan murosa yo‘lini tanladi.

Hozirda 6 imkoniyatdan 3 ochko jamg‘arib, musobaqa jadvalida 9-pog‘onani band etgan Nodirbek Yoqubboyev 7-turda qora donalarda turkiyalik Ediz Gyurel qarshiligini yengishga harakat qiladi.
Uning raqibi Sven esa 3 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha 8-o‘rinni egallagan.
Bugun o‘tkaziladigan navbatdagi turda Nodirbek Abdusattorov niderlandiyalik Anish Giri bilan ro‘baro‘ keladi.

Ushbu shaxmatchilarning mazkur turnirdagi avvalgi ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratsak, aynan 2024 yilgi “Tata Steel Chess” turnirida Abdusattorov oq donalarda Girini 7-turda mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa-da niderlandiyalik shaxmatchi keyingi turlardagi muvaffaqiyatli ishtiroki tufayli turnirni 3-o‘rinda, Nodirbek 4-o‘rinda yakunlagan edi. 2023 yilgi turnirda Giri g‘oliblikni tantana qilgan. Ammo 11-turda oq donalarda bo‘lishiga qaramasdan Nodirbek bilan durangga erishgan.
Bu gal Anish Giri oq, Nodirbek Abdusattorov qora donalarda harakatlanishi uchrashuv qaysidir ma’noda revansh jangi ko‘rinishini olishini anglatmoqda.
Umidimiz, hamyurtimiz doimgidek o‘z shiddati, hujumkorligi bilan bu safar ham ustunligini namoyish etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA