Yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Bishkekda taqdirlandi
Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida sport kurashlari bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi qit’a chempionati oldidan o‘tkazilgan Osiyo sport kurashlari birlashmasi (UWW Asia) yig‘ilishida bir necha nominatsiyalar bo‘yicha sovrindorlar taqdirlandi.
E’tiborli jihati, yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Rustam Assakalov UWW ASIA tomonidan “Yilning eng yaxshi yunon-rum kurashi murabbiyi" deb topildi va taqdirlandi.
Aytish lozim, shu yil fevral oyida Rustam Assakalov bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston yunon-rum kurashi terma jamoasi “Zagreb Open” turnirida 1 ta oltin, 4 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egallagandi.
O‘tgan yili 19 yoshli yunon-rum kurashchimiz Aytjan Xalmaxanov 24 yillik tarixni yangilab, kattalar o‘rtasida jahon chempionligiga erishgandi.
Eslatib o‘tamiz, 6-12-aprel kunlari Bishkekda sport kurashlari bo‘yicha XXII Osiyo chempionati bellashuvlari tashkil etiladi. Unda erkin, yunon-rum va ayollar kurashlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining umumiy hisobda 30 nafar a’zosi Vatanimiz sharafini himoya qiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA