Navoiy izlaridan bitilgan safarnoma
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida «Jadid» gazetasi jurnalisti, shoir, «Kelajak bunyodkori» medali sohibi Shahriyor Shavkatning «Hirotga, bobomning huzuriga!» nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Afg‘onistonga, xususan, Hirot shahriga borib, buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjoni ziyorat etish ko‘plab olimlar, ijodkorlar va ziyolilarning orzusidir. Bu orzuga bugungi Yangi O‘zbekistonning shijoatli yoshlaridan biri — taniqli shoir, “Kelajak bunyodkori” medali sohibi Shahriyor Shavkat erishdi. Ana shu sharafli va ayni paytda mashaqqatli safar natijasida uning «Hirotga, bobomning huzuriga!» nomli safarnomasi kitob holida nashr etildi.
Kitob taqdimoti «Jadid» adabiy, ilmiy-ma’rifiy va ijtimoiy gazetasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida tashkil etilgan adabiy anjuman doirasida o‘tkazildi.
Tadbirda «Jadid» gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston xalq shoiri, «Navoiy Hirotda, Kobulda Bobur» ma’rifiy loyihasi rahbari Iqbol Mirzo, taniqli olim va adabiyotshunos Abdulla A’zam, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro jamoatchilik fondi ijrochi direktori Olimjon Davlatov, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktorining o‘rinbosari, filologiya fanlari doktori Maqsud Asadov hamda boshqalar ishtirok etdilar.
Notiqlar mamlakatimizda milliy ma’naviy-ma’rifiy merosni o‘rganish, asrab-avaylash va keng targ‘ib etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarilganini alohida ta’kidladilar.
[gallery-30565]
«Hirotga, bobomning huzuriga!» kitobi muallifning qo‘shni Afg‘onistonga uyushtirgan ijodiy safari davomida orttirgan taassurotlari asosida yaratilgan. Asarda Kobul, Hirot, Mozori Sharif, Balx, Andxo‘y, Taxor, G‘azni kabi qadimiy shaharlardagi bugungi hayot, daryo ortida istiqomat qilayotgan o‘zbeklarning turmush tarzi haqida qimmatli ma’lumotlar o‘rin olgan.
Kitobning eng muhim jihati shundaki, unda jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimiz - Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, Abu Rayhon Beruniy, Mavlono Lutfiy Hiraviy va Gavharshodbegim kabi buyuk siymolarning so‘nggi manzillari hamda mazkur tarixiy qadamjolarning bugungi holati haqqoniy va ta’sirchan uslubda yoritilgan.
— Ushbu asar nafaqat sayohatnoma yoki ma’lumotnoma, balki o‘ziga xos ilmiy manba sifatida ham ahamiyatga ega, - dedi «Jadid» gazetasi bosh muharriri Iqbol Mirzo. — Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tinchlikparvar va uzoqni ko‘zlagan oqilona siyosat tufayli ana shunday ilmiy-ma’rifiy ekspeditsiyalar tashkil etilmoqda, yuksak badiiy asarlar yaratilmoqda.
— «Dorilomon kunlar keldi», degan ibora Shahriyor kabi yosh ijodkorlarning shijoatida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda, - dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid. — Uning Hirot safariga bo‘lgan ezgu niyati amalga oshganining o‘zi katta ma’naviy jasorat namunasidir.
Filologiya fanlari doktori Maqsud Asadov ham kitob haqida o‘z fikrlarini bildirib, uning ravon va shoirona tilda yozilganini, asarni ma’rifiy roman sifatida ham baholash mumkinligini ta’kidladi.
— Bu kitobni o‘qib, shunday tinch va osuda yurtda yashayotganimiz uchun shukronalar aytamiz. Asar kitobxonni yurtparvarlik va millatparvarlik ruhida tarbiyalaydi, - dedi olim.
Taqdimotda so‘zga chiqqanlar ulug‘ ajdodlarimizning dunyo bo‘ylab tarqalgan madaniy merosini muhofaza qilish, uni tadqiq etish va insoniyatning umumiy ma’naviy boyligi sifatida targ‘ib qilish bugungi avlodning muhim vazifalaridan biri ekanini qayd etdilar. Ular Shahriyor Shavkatning «Jadid» gazetasi homiyligida amalga oshirgan ushbu safari ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilishini alohida e’tirof etdilar.
Rang-barang maqolalar, safar taassurotlari, turkum she’rlar va adabiy suhbatlarni o‘zida mujassam etgan mazkur to‘plam keng kitobxonlar ommasi, tarixchilar va adabiyotshunoslar uchun qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi.
— Ushbu kitob jahonga ulug‘ allomalarni bergan xalqimizga munosib tuhfadir, - dedi Shahriyor Shavkat. — Safar davomida afg‘onistonlik o‘zbeklar O‘zbekistonning insonparvarlik yordami uchun samimiy minnatdorlik bildirdilar. Shu bilan birga, ular uchun eng katta ehtiyoj o‘zbek tilidagi adabiy kitoblar ekanini aytib, bunday nashrlarni ko‘proq yuborishni so‘radilar. Kitobning nashr etilishida hissa qo‘shgan ustozlarimizga, milliy adabiyotimizning fidoyi va zahmatkash insonlariga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilarga Shahriyor Shavkatning «Hirotga, bobomning huzuriga!» kitobi tuhfa etildi.
Adabiy anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xayriddin Sultonov ham so‘zga chiqib, kitobning ma’naviy va tarixiy ahamiyati xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA muxbirlari