Taekvondo WT: Chempionat jahonning eng zo‘r yoshlarini Toshkentga chorlamoqda
Joriy yilning 12-17-aprel kunlari poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi” Yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan majmuada taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi XV Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Mazkur nufuzli chempionatda qatnashish uchun yurtimizga turli davlatlarning sport delegatsiyalari kelishi boshlandi.

Bugun, 9-aprel erta tongda mazkur chempionat va uning doirasida o‘tadigan tadbirlarda ishtirok etish uchun yurtimizga Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti, janob Chungvon Choy boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Aytish lozim, chempionatda ishtirok etish uchun 118 ta davlatning 990 nafar sportchisi ro‘yxatdan o‘tgan.
Shu yil noyabr oyida Dakar shahrida o‘tkaziladigan yoshlar o‘rtasidagi yozgi Olimpiya o‘yinlariga saralashning muhim bosqichi sanalgan Jahon chempionatida yurtimiz sharafini kimlar himoya qiladi?

Kuni kecha taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi murabbiylar kengashi chempionatda vatanimiz sharafini himoya qiladigan terma jamoa tarkibini e’lon qildi:
Yigitlar:
-45 kg: Shohjahon Xolmurodov
-48 kg: Yosinbek Odilov
-51 kg: Asadbek Samandarov
-55 kg: Azizbek Sattorov
-59 kg: Azizbek Murodov
-63 kg: Omadbek Otabekov
-68 kg: Ayubxon Nabiyev
-73 kg: Ahadjon Muxtorov
-78 kg: Ozodbek Risbekov
+78 kg: Alisher Pak.
Qizlar:
-42 kg: Zuhra Izmailboyeva
-44 kg: Samira Hayitova
-46 kg: Komila Sultanova
-49 kg: Farangis Mahkamboyeva
-52 kg: Nozimaxon Abdujabborova
-55 kg: Rushanaxon Ravshanova
-59 kg: Viktoriya Denisenko
-63 kg: Mohidil O‘ktamjonova
-68 kg: Nilufar Sapayeva
+68 kg: Sitora Asrorova.
Bugun kun davomida Butunjahon taekvondo federatsiyasi (World Taekwondo) vakillari, musobaqalarni boshqarib boradigan texnik komissiya a’zolari, hakamlar guruhi musobaqalar o‘tadigan sport maydonlari, yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishadi, tegishli komissiyalarning yig‘ilishlari o‘tkaziladigan majmualarni ko‘zdan kechiradi va zarur hujjatlarni tayyorlaydi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga 10-aprel kuni Jahon chempionati oldidan poytaxtimizda taekvondo WT fleshmob tadbiri hamda “World Taekwondo Performance” jamoasi ishtirokida bayram shousi, shuningdek, Butunjahon taekvondo federatsiyasi kengashi yig‘ilishi, matbuot anjumani, 11-aprel kuni esa Bosh assambleya yig‘ilishi tashkil etilishi belgilangan.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA