Tramp Nobel mukofotini oladimi?
2026-yil uchun shakllantirilgan tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti nomzodlari ro‘yxatida kutilmagan nomlar, ziddiyatli shaxslar borligi jamoatchilikda jiddiy qiziqish uyg‘otmoqda.
Nobel qo‘mitasi kotibiyati ma’lumotiga ko‘ra, joriy yil jami 287 nomzod ko‘rib chiqiladi: 208 nafar jismoniy shaxs, 79 tashkilot. Bu haqda “Reuters” xabar bergan. Eng ko‘p muhokama qilinayotgan da’vogar – AQSH Prezidenti Donald Tramp. Ekspert Kristian Berg Xarpviken ta’kidlashicha, Tramp nomzodi hali to‘liq tasdiqlanmagan.
Amerika yetakchisini ushbu nufuzli sovringa Kamboja, Isroil va Pokiston davlatlari rahbarlari tavsiya etgan. Darvoqe, 2025-yil Nobel Tinchlik mukofotini qo‘lga kiritgan venesuelalik siyosatchi Mariya Korina Machado o‘z medalini ramziy ma’noda Trampga topshirgani ham e’tiborga molik. Bu AQSH rahbarining turli siyosiy bahslarni bartaraf qilishga qo‘shgan hissasi uchun berilgan ramziy e’tirof sifatida baholanmoqda.
Da’vogarlar orasida turli yo‘nalishlardagi xizmati uchun nomzod sifatida ko‘rsatilgan boshqa taniqli shaxslar, jumladan Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya, Rim papasi Leo, Sudanda faoliyat yurituvchi “Favqulodda vaziyatlarga javob berish bo‘limi” ko‘ngilli guruhi, shuningdek AQSH senatori Liza Murkovski va Daniya parlamenti a’zosi Aaya Kemnits bor.
An’anaga ko‘ra, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti g‘olibi 9-oktabr kuni e’lon qilinadi. Rasmiy taqdirlash marosimi ertasiga bo‘lib o‘tadi.
Fardona Yaxshiboyeva, O‘zA