Tadbirkor soliqqa oid huquqbuzarligini tan olsa, ish sudga oshirilmaydi
Soliq to‘lovchi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ekti o‘zining soliqqa oid huquqbuzarligini tan olganda va e’tiroz bildirmaganda tadbirkorning bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish soliq organlari tomonidan amalga oshirilishi qonunchilikda belgilanmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilingan tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasida ayni shu masala o‘z aksini topmoqda.
— Ushbu qonun loyihasi bilan Iqtisodiy protsessual hamda Soliq kodekslariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda, — dedi deputat Z.Mavlonov. — Unga ko‘ra, tadbirkor tomonidan huquqbuzarlik bartaraf etilganda hisobvaraq faoliyatiga qo‘yilgan cheklovni bekor qilish ham soliq organi tomonidan amalga oshirilishi taklif etilyapti. Ya’ni, endilikda qoidabuzilish tan olinsa, ish sudgacha bormaydi. Bu esa tadbirkor faoliyatini qisqa vaqtda qayta davom ettirish imkonini beradi. Shu bilan birga, soliq to‘lovchi soliq organining qarori yuzasidan e’tiroz bildirsa, uning bankdagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib turish soliq organining arizasiga asosan Iqtisodiy sud tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Muhokamalarda deputatlar tomonidan bir qator takliflar bildirildi. Moddama-modda muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA