Suv tejamkor texnologiyalar asosida baliqchilik rivojlantiriladi
Suv resurslarini oqilona boshqarish va ularni tejash qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishning muhim shartlaridan biri. Ayniqsa, suv zahiralari cheklangan hududlarda suv tejamkor texnologiyalar asosida baliqchilikni rivojlantirish va mavjud suv havzalaridan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Rustam Qarshiyev Navoiy viloyatining Navbahor tumanida bo‘lib, baliqchilikni zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va mavjud imkoniyatlarni kengaytirish masalalarini o‘rgandi.
Amaliy tashrif davomida Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, sohadagi mas’ullar hamda mutasaddilar ishtirokida Prezidentimizning 2026-yil 2-iyuldagi “Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbirda tumandagi mavjud suv havzalaridan foydalanish holati, baliqchilik xo‘jaliklarining suvga bo‘lgan ehtiyoji hamda suv resurslari cheklangan sharoitda ishlab chiqarish hajmini oshirish imkoniyatlari atroflicha muhokama qilindi.
Rustam Qarshiyevning ta’kidlashicha, baliqchilikda yuqori natijaga erishish uchun suv resurslaridan samarali foydalanish, xo‘jaliklarning haqiqiy ehtiyojini inobatga olish va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish muhim.
– Baliqchilikni rivojlantirishda suv resurslaridan samarali foydalanish asosiy mezon bo‘lishi kerak. Buning uchun har bir xo‘jalikning suvga bo‘lgan ehtiyojini aniq belgilash, suv olish limitlarini to‘g‘ri shakllantirish va sarfni nazorat qilish muhim. Ayni paytda intensiv texnologiyalardan foydalanish orqali kamroq suv sarfi bilan ko‘proq mahsulot olish imkoniyati bor. Sun’iy suv havzalarida intensiv usulda baliq yetishtirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish va zamonaviy yechimlarni amaliyotga tatbiq etish tarmoq salohiyatini yanada oshiradi, –dedi u.

Yig‘ilishda suvdan foydalanish jarayonlarini tartibga solish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, suv olish limitlarini belgilash, suv yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni elektron platforma orqali rasmiylashtirish va suv sarfini nazorat qilish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida suv resurslaridan tejamkor va samarali foydalanish, intensiv usulda baliq yetishtirish hajmini oshirish hamda mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA