“Suv parisi – 2026” turnirining eng mahoratlilari aniqlandi
Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”dagi Suv sporti turlari saroyida o‘tkazilgan “Suv parisi – 2026” ochiq xalqaro turniri yuqori saviyada tashkil etildi.
Ikki kunlik musobaqalarda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston va Belarus davlatlarining 180 nafarga yaqin sportchilari texnik va erkin dasturlar, duet va guruh chiqishlarida g‘oliblik uchun kurash olib bordi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi, "Uzbekistan aquatics" federatsiyasi va Sport vazirligi hamkorligida tashkil etilgan turnirning ilk kungi bahslarida Sabina Mahmudova (O‘zbekiston-1), Mariya Lipinskaya (Rossiya), Milana Rimsha (Rossiya) yakkalik yo‘nalishlarda g‘oliblikka erishdi.
Musobaqaning yoshlar o‘rtasidagi texnik dasturida Sabina Mahmudova va Xadicha Agzamovadan iborat O‘zbekiston-1 jamoasi 259,4475 ball to‘plagan holda 1-o‘rinni egalladi.

Xalqaro turnirning 12 yoshli sportchilar ishtirokidagi duet chiqishlarida 306,8234 ball jamg‘argan Rossiya jamoasi shohsupaning eng yuqorisidan joy olgan bo‘lsa, hamyurtlarimiz 2-o‘rinni, qozog‘istonliklar 3-o‘rinni band etishdi.
Ikki kunlik shiddatli bahslarda 21 ta yo‘nalishda g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Medallar jamg‘arishda Rossiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston jamoalari yetakchilikka erishdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA