Superliga: Buxoroda markaziy uchrashuv o‘tkaziladi
Bugun, 22-aprel kuni futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining 9-tur uchrashuvlariga start beriladi. Turning ilk kunidan o‘rin olgan «Surxon» — «Mash’al» jamoalari bahsi soat 18:00 da «Surxon Arena» stadionida boshlanadi. «Buxoro» — «Paxtakor» to‘qnashuvi soat 20:15 da start oladi.
«Buxoro» — «Paxtakor» klublari bahsiga qiziqish yuqori bo‘lgani bois, jamoalarning o‘zaro o‘yinlari statistikasini e’tiboringizga havola etishni lozim topdik.
Chempionatlar tarixida ushbu jamoalar 62 bor o‘zaro to‘qnash kelgan bo‘lib, ularda 46 marotaba "Paxtakor" g‘olib bo‘lgan. "Buxoro" esa 7 bellashuvda g‘alaba qozongan. Qolgan 9 ta o‘yin durang bilan yakunlangan. Poytaxt klubi raqib darvozasini 146 bor ishg‘ol etib, 38 ta gol o‘tkazgan. Ayni damda «Paxtakor» ochkolarini 21 taga yetkazgan holda musobaqa peshqadami bo‘lib turibdi. «Buxoro» esa 14 ochko jamg‘arib, 5-o‘rinni egallagan.

O‘zbekiston Superligasi 9-turidan o‘rin olgan boshqa uchrashuvlar haqida. 23-aprel kuni ushbu tur doirasida «Nasaf» — «Lokomotiv» (19:00, «Istiqlol»), «Navbahor» — «So‘g‘diyona» (19:00, «Olimpiya»), «Dinamo» — OKMK (20:15, «Dinamo») uchrashuvlari o‘tkaziladi. Turning so‘nggi kunida «Xorazm» — «Neftchi» (19:00, «Xorazm SM»), «Qizilqum» — «Qo‘qon-1912» (19:00, «Yoshlar SM») va «Bunyodkor» — «Andijon» (20:15, «Bunyodkor») uchrashuvlariga guvoh bo‘lamiz.
Mazkur turda «Buxoro» — «Paxtakor» hamda «Xorazm» — «Neftchi» bahslari alohida e’tibor markazida bo‘ladi. Shuningdek, «Navbahor» va «Bunyodkor» jamoalari ham o‘z maydonida muhim ochkolarni qo‘lga kiritishga intiladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA