Nikita Svetkov — “Fergana Grand Prix” g‘olibi
Farg‘ona shahrida veloshosse bo‘yicha o‘tkazilgan “Fergana Grand Prix” xalqaro turniri o‘z yakuniga yetdi. Musobaqaning hal qiluvchi bosqichlari O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli kechdi.
Erkaklar o‘rtasidagi ikkinchi bosqich poygasida hamyurtimiz Nikita Svetkov marra chizig‘ini birinchi bo‘lib kesib o‘tdi. U 141 kilometrlik masofani 3:25:41 vaqt ichida bosib o‘tib, bosqich g‘olibligini qo‘lga kiritdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan Svetkov umumiy hisobda ham musobaqa g‘olibi sifatida e’tirof etildi. Ikkinchi o‘rin ispaniyalik Xuan Lozanoga nasib etgan bo‘lsa, belorussiyalik Roman Tishkov kuchli uchlikni yakunlab berdi.

Ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan “Fergana Grand Prix Ladies” musobaqasida Xitoyning “XDS CHINA” jamoasi vakili Xao Zang umumiy hisobda zafar quchdi. Qozog‘iston terma jamoasi a’zosi Rinata Sultanova poyga davomida peshqadamlik qilgan bo‘lsa-da, umumiy natijalarga ko‘ra ikkinchi o‘rin bilan kifoyalandi. Uchinchi o‘rin esa uning jamoadoshi Xaysin Dunga nasib etdi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Yanina Kuskova musobaqa yakunida to‘rtinchi pog‘onani band etdi. Shuningdek, hamyurtlarimiz Shahnoza Abdullayeva hamda Mohinabonu Elmurodova ham kuchli o‘ntalikdan joy oldi.
Javohir TOSHXO‘JAEV,
O‘zA