Sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha xalqaro hamkorlik
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish va innovatsion loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Xususan, Xitoy Xalq Respublikasi “LinkWise” kompaniyasi vakillari Qoraqalpoq davlat universitetida bo‘lib, bu yerda mazkur oliy o‘quv yurti rektori Berdiyar Jollibekov bilan uchrashdi.
Uchrashuvda kelgusida amalga oshiriladigan loyiha uchun zarur bo‘lgan malakali kadrlarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasidan yetuk mutaxassislarni jalb qilgan holda Qoraqalpog‘iston yoshlari orasida sun’iy intellekt sohasiga qiziqishni oshirish, ularning bilim va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.

Ushbu muloqotning amaliy davomi sifatida 29-aprel kuni Qoraqalpoq davlat universiteti rektori Berdiyar Jollibekov Taxiatosh tumanida LinkWise mas’uliyati cheklangan jamiyati qo‘shma korxonasi tomonidan qurilayotgan zamonaviy Modulli intellektual hisoblash markazi qurilish maydonida bo‘ldi. Tashrif davomida markazning texnik imkoniyatlari, zamonaviy infratuzilmasi va istiqboldagi faoliyat yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdi.

Shuningdek, universitet bilan hamkorlikda talabalar uchun amaliyot, stajirovka va yangi mutaxassislik yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Ushbu hamkorlik hududda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, yoshlarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirish va sun’iy intellekt sohasida raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.