Sun’iy intellekt — jurnalistning raqibimi yoki hamrohi?
Hayotimiz shu qadar taraqqiylashib bormoqdaki, endilikda axborot nafaqat bilim manbai, balki jamiyatning shakllanishini belgilovchi qudratli strategik vositaga aylanib bormoqda.
Ayniqsa, texnologik taraqqiyot shiddat bilan odimlashishi boshqa sohalar kabi an’anaviy jurnalistikaga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Aslida-chi, sun’iy intellekt taqdim etayotgan “ijodiy namunalar” jurnalistlarning o‘rnini qay darajada bosa oladi?
Umuman olganda har qanday texnologiyalar singari, sun’iy intellekt ham insoniyat og‘irini yengil qilish uchun yaratilgan. Unga qaram bo‘lib qolish uchun emas. Filologiya fanlari doktori, taniqli jurnalist va tarjimon Beruniy Alimovning “Jurnalistikada sun’iy intellekt davri” kitobi aynan ana shu ehtiyojning mahsuli sifatida maydonga chiqdi.
[gallery-29054]
Mazkur asar shunchaki ilmiy izlanishlar to‘plami emas, balki zamonaviy media olamining “yo‘l xaritasi”dir. Kitobda sun’iy intellektning jurnalistikaga kirib kelishi tahliliy va tanqidiy ruh orqali yoritilgan.
Sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan materiallarning huquqiy maqomi, plagiat va intellektual mulk himoyasi bugungi kunning eng og‘riqli nuqtalari. Beruniy Alimov ushbu kitobida mavjud muammolarni xalqaro tajriba va milliy qadriyatlar uyg‘unligida tadqiq etadi. Feyk xabarlar va manipulyatsiya avj olgan davrda, sun’iy intellekt vositalari yordamida haqiqiy materialni soxtasidan ajrata olish usullari kitobning qiymatini yanada oshiradi.
Ushbu kitobda jurnalist kasbining kelajagi haqidagi xavotirlarga mantiqiy javob berilgan — texnologiya jurnalistni ishdan bo‘shatmaydi, balki texnologiyani egallagan jurnalist o‘z hamkasblaridan o‘zib ketadi. Bunda sun’iy intellektga qoyilmaqom ravishda yozilgan “prompt” nazarda tutilmaydi, balki o‘zbek media makonida intellektual uyg‘onish kerakligi uqtiriladi.
Zero, texnologiyalar qanchalik mukammal bo‘lmasin, jurnalistikaning asosi vijdon, mas’uliyat va insoniy tafakkur bo‘lib qolaveradi. Ushbu kitob esa ana shu insoniy qadriyatlarni raqamli dunyo bilan qanday qilib muvaffaqiyatli bog‘lash mumkinligini ko‘rsatib beruvchi mayoqdir.
Dildora DO‘SMATOVA, Oybek Pardayev (surat), O‘zA