Sug‘urta reklamalari ijtimoiy reklamaga tenglashtirilishi mumkin
Parlament quyi palatasidagi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “Reklama to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Loyihada sug‘urta xizmatlarini ommalashtirish va aholining ushbu sohaga bo‘lgan qiziqishini oshirish, tadbirkorlar va aholining sug‘urta bozoriga kirishida ularning ishonchini mustahkamlashga qaratilgan normalar nazarda tutilgan.

Qayd etilganidek, bugungi kunda sug‘urta kompaniyalarining reklamalari asosan ularning shaxsiy afzalliklariga qaratilgan. Ammo sug‘urta shartnomalarining imzolanishi, ularning imkoniyatlari, shartlari, talablari, muddatidan oldin bekor qilinishi, nizo kelib chiqqanda qanday yo‘l tutilishi kabilar haqida ma’lumotlar iste’molchilarga yetkazib berilmaydi.
Oqibatda iste’molchilarda sug‘urta faoliyati, imkoniyatlari haqida savodxonlik yetarli darajada bo‘lmasligiga olib kelmoqda. Bu esa sug‘urta faoliyatiga oid munosabatlarda muayyan muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Shu bois endilikda sug‘urta xizmatlariga oid reklamalarni ijtimoiy reklamaga tenglashtirish va ularni OAVda keng yoritish imkoniyati yaratilmoqda. Bunda ijtimoiy axborot bo‘lgani uchun biror mahsulotning nomi, logotipi berilmaydi, faqatgina sug‘urta madaniyatini oshirishga qaratiladi.
Muhokamalarda turli fikrlar bildirildi. Masalan, deputat Kozim Tojiyev ijtimoiy reklamalar daromad olinmaydigan maqsadlarda yoritilishini ta’kidlab, sug‘urta kompaniyalari daromadga ega hisoblanishini bildirdi. Ayrim deputatlar loyihaga qarshilik bildirgan bo‘lsa, bir guruh deputatlar loyihada nazarda tutilayotgan normalar ham iste’molchi, ham sug‘urta kompaniyalari manfaatlariga xizmat qilishini, sug‘urta xizmatlari haqida aholining xabardorligi oshishi, sug‘urta bozori rivojlanishiga asos bo‘lishini ta’kidladi.

Fraksiya rahbari Alisher Qodirov aslida sug‘urta imkoniyat ekanligini, undan to‘g‘ri foydalana bilish kerakligini, qonun loyihasi aholining sug‘urta savodxonligi oshishida muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA