Sport kurashlari: Terma jamoalarimiz Osiyo chempionatida qatnashadi
Kuni kecha O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi tomonidan Qirg‘izistonning Bishkek shahrida joriy yilning 6-12-aprel kunlari sport kurashlari bo‘yicha o‘tkaziladigan XXII Osiyo chempionatida vatanimiz sharafini himoya qiladigan sportchilar nomi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, yunon-rum kurashi bahslarida 10, erkin kurashda 10 va ayollar kurashida 10 nafardan sportchilar qatnashishi belgilandi.
Terma jamoalarimiz tarkibida Olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionatlarida yuqori natijalarga erishgan nomdor kurashchilarimizdan Razambek Jamalov, Umidjon Jalolov, G‘ulomjon Abdullayev, Hasanboy Rahimov, Aram Vardanyan, Islomjon Bahromov, Aktenge Keunimjayeva, Layloxon Sobirova qatorida bir nechta yosh sportchilarimiz o‘z vaznlarida g‘oliblik uchun kurash olib borishadi.
Kecha chempionatga tayyorgarlik ko‘rayotgan terma jamoa a’zolari va murabbiylarga O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi tomonidan maxsus sport formalari taqdim etildi.
Qit’a chempionati nizomiga muvofiq, 6-8-aprel kunlari yunon-rum, 8-10-aprelda ayollar hamda 10-12-aprel kunlari erkin kurash bellashuvlari bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA